Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha qator davlatlarni ortda qoldirdi

O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha qator davlatlarni ortda qoldirdi

Simli internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston jon boshiga yalpi ichki mahsuloti yuqori bo‘lgan qator davlatlarni ortda qoldirdi.

Speedtest Global Index (www.speedtest.net)  reytingining joriy yil aprel oyining yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston simli internet resurslarining yuklanish tezligi bo‘yicha – 39,76 Mbit/sek natija bilan 181 ta davlat ichida 6 pog‘ona ko‘tarilib, 84-o‘rinni egalladi.

Mazkur reytingda Armaniston – 90, Qozog‘iston – 92 (aksariyat internet kanallari shu davlat orqali bizga keladi), Turkiya – 101, Ozarbayjon – 118-o‘rinda.

Ma’lumot uchun: Speedtest.net – Ookla kompaniyasi (AQSh) tomonidan 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, internet tezligini o‘lchash testlari natijalarini umumlashtirib, o‘rtacha statistik ko‘rsatkichlar asosida davlatlarning oylik/yillik reytingi shakllantiriladi.

Internet (keng polosali mobil internet) narxi bo‘yicha O‘zbekiston — BMT Xalqaro elektraloqa ittifoqining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, BMTning 2 foizlik ko‘rsatkichini bajargan 4 davlat qatoridan joy olgan.

Britaniyaning Cable.co.uk portali ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo reytingida O‘zbekiston mobil internet xizmatlarining arzonligi bo‘yicha 21-o‘rinni, keng polosali simli internet xizmatlarining arzonligi bo‘yicha 19-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, aloqa va internet xizmatlari aholi tomonidan narxlarning o‘sishi eng kam sezilgan xizmatlar (tovarlar) sifatida e’tirof etilgan.

Raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil boshidan:

  • Internet tarmog‘iga ulanish tezligini yanada oshirish maqsadida Xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlari 1,8 Tbit/sek.dan 3,2 Tbit/sek.ga yetkazilib,
    1,8 barobarga oshirildi;
  • transport telekommunikatsiya tarmog‘ini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini viloyat markazigacha 400 Gbit/sek yoki 2 barobarga, tuman markazlarigacha 60 Gbit/sek ga yoki 3 barobarga kengaytirildi;
  • respublika miqyosida 15 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalarini qurilib ishga tushirildi.

Mazkur ishlarni tizimli davom ettirgan holda 2022 yil yakuniga qadar quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi:

  • birinchidan,mobil aloqa operatorlari tarmoqlarida 4 mingta yangi tayanch stansiyalarini o‘rnatish (bu Speedtest Global Indexda mobil internet tezligi bo‘yicha mamlakat reytingini oshishiga yordam beradi);
  • ikkinchidan, transport telekommunikatsiya tarmog‘ini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini viloyat markazigacha 600 Gbit/sek yoki 1,5 barobarga kengaytirish;
  • uchinchidan, respublika miqyosida 620 ming portga teng keng polosali tarmoq qurilmalarini o‘rnatish hamda 40 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalarini qurish.

Mazkur loyihalar amalga oshirilishining natijasida yil yakuniga qadar mamlakatimiz aholisini yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi, mobil aloqa xizmatlari sifati yaxshilanadi hamda Xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rnini yanada oshirilishi ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring