O‘zbekistonlik yosh tadqiqotchi saraton xastaligini erta aniqlaydigan dastur yaratdi
Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida «Eng faol yosh dasturchi» tanlovi tashkil etildi. Kecha, 29-iyun kuni Toshkentdagi Inha universitetida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh dasturchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Marosimda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A.Eshonxo‘jayev so‘zga chiqib, g‘oliblarni tabrikdi.
Tanlovning respublika bosqichida mutloq g‘oliblikni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Dasturiy ta’minot» kafedrasi dotsenti v.b. Ortiq Ro‘ziboyev egalladi. Uning Respublika onkologiya va radiologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda yaratilgan «Ma’lumotlar intellektual tahlili usullari asosida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratonini tashxislash algoritmlari va dasturiy ta’minoti» ishlanmasi bu yilgi tanlovning eng dolzarb muammolarni hal etuvchi loyiha deb tan olindi.
TATU Qarshi filiali mustaqil tadqiqotchisi Firuza Achilova ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, universitetning Nukus filiali assistent-o‘qituvchisi Azizbek Qodirovga uchinchi o‘rin nasib etdi. G‘oliblarga diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Qolgan ishtirokchilar ham diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Ortiq Ro‘ziboyev, «Eng yosh faol dasturchi» tanlovi respublika bosqichi 1-o‘rin sohibi:
— Ishlanmam avvaliga Toshkent shahridagi poliklinikalar bazasida joriy etilib, sinovdan o‘tkazilishi, keyinchalik esa oilaviy shifoxonalarda tibbiy muammolarni yechish uchun yaratilgan dasturiy ta’minot asosida ko‘krak va bachadon bo‘yni saratoni kasalligini erta aniqlash va yechimini topishga qaratilgan. Shuningdek, ma’lumotlar namunalarini hisoblash va dasturiy ta’minotdan foydalanish darajasini kengaytirish maqsadida foydalanuvchilar uchun mazkur dasturiy ta’minotning batafsil tavsifi yuzasidan metodik qo‘llanmani nashr etish ko‘zda tutilgan.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter