Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Petitsiya va «Mening fikrim». Bir yil ichida ikki xil manzara

Petitsiya va «Mening fikrim». Bir yil ichida ikki xil manzara

Foto: «Xabar.uz»

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Borovskiy kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov fojiasi yuzasidan poytaxtlik Irina Zaydman voqea aybdorlarini jazolash talabi bitilgan petitsiya tashkil qilib, Bobur nomidagi istirohat bog‘ida jamoatchilik murojaatini imzolash uchun bir necha yuz kishini to‘plagandi. Irina Zaydman huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu «ruxsat etilmagan ommaviy tadbir»ni tashkil etgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ikki moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 kunlik qamoq va qariyb 7,5 million so‘mlik jarima bilan jazolangan. Shunga o‘xshash holatda petitsiya uyushtirgan toshkentlik Mariya Legler ham javobgarlikka tortilgandi.

Oradan hali bir yil ham o‘tmadi. Agar ular shu ishni bir necha oy ilgari emas, bugun uyushtirishganida balki bu tarzda javobgarlikka tortilmasliklari mumkin edi. Chunki endi ommaviy murojaat yo‘llashning aniq mexanizmi bor. Bu — «Mening fikrim» portali. «Mening fikrim» orqali petitsiya uyushtirish yuqoridagi holatdan biroz farqlanadi, albatta. Birinchidan, portalda ommaviy murojaat yo‘llash uchun odamlarni qaysidir maydonda to‘plash shart emas. Ikkinchidan, petitsiya berishning aniq tartiblari bor. Asosan shularni hisobga olmasa, boshqa jiddiy tafovut yo‘q. Aksincha, onlayn shaklda ovoz to‘plash osonroq ham. Qolaversa, belgilangan miqdorda ovoz to‘plagan petitsiyani O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari ko‘rib chiqadi.

«Mening fikrim» portali ishga tushirilganiga 20-may kuni roppa-rosa 1 oy to‘ldi.

Qisqa muddatda portal ommaviylashishga ham ulgurdi. Shu yilning 15-mayida portalga internet foydalanuvchilarining kunlik tashrifi 18 mingdan oshdi. Bunga portalda ovozga qo‘yilgan ayrim petitsiyalar haqida internetda xabarlar berilgani hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilina boshlagani sabab bo‘ldi.

Ammo hanuzgacha aholi o‘rtasida «Mening fikrim» portalining mexanizmi, amaldagi qoidalar, petitsiya yaratish va uning ommaviy ovoz berishga chiqishi kabi jarayonlar haqidagi tushunchalari to‘liq shakllanmagan.

Shu kabi masalalarga aniqlik kiritish maqsadida «Mening fikrim» portali loyihasi koordinatori Dilshod Mirzayev hamda portal bosh dasturchisi Ismoilxon Isoqov bilan suhbatlashdik.

«Mening fikrim» portali loyihasi koordinatori Dilshod Mirzayev (o‘ngda) hamda portal bosh dasturchisi Ismoilxon Isoqov (chapda). Foto: «Xabar.uz»

Mutaxassislar portal haqida, uning ishlash tartibi, e’lon qilingan petitsiyalar to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Shuningdek, portalning bir oylik ko‘rsatkichi, nima sababdan bir qator murojaatlar rad etilayotgani, petitsiyalarning ovoz to‘plash jarayoniga qo‘yilishi kabi masalalarga oydinlik kiritdilar.

Prezident tashabbusi

2017 yil 22 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev respublikamiz tarixida ilk bor Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga murojaatnoma taqdim etgandi. U 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekistonni 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

O‘sha kuni juda ko‘p masalalar haqida ochiqdan-ochiq so‘zlandi. Jumladan, mamlakatimiz fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari uchun internet tarmog‘ida «Mening fikrim» deb nomlangan maxsus portal tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Biz hammamiz anglab yetishimiz kerak: qonunlarning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi lozim.

Shavkat Mirziyoyev

Masala nechog‘lik dolzarb ekanligini «Mening fikrim» portalini yaratish «2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi»ga kiritilganidan ham bilsa bo‘ladi.

Mazkur portalning yaratilishi natijasida aholining bevosita qonun ijodkorligida, davlatni boshqarishda va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan ishtirok etishi ta’minlanadi.

Ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganildi

«Mening fikrim» portalini yaratish maqsadida Oliy Majlis palatalari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining mas’ul mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Dastlab mazkur portalning asosiy vazifalari va qanday modullardan tashkil topishi, foydalanuvchilar uchun qanday qulayliklar yaratilishi lozimligi kelishib olindi.

Ishchi guruh ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgandi. Jumladan, Angliya (change.org), Ukraina (petition.president.gov.ua), Germaniya (epetitionen.bundestag.de) va Rossiyada (roi.ru) amalga oshirilgan loyihalar, yaratilgan veb-resurslarning imkoniyatlari atroflicha o‘rganib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining va Senat kengashining 2018 yil 2 apreldagi qo‘shma qarori bilan «Mening fikrim» portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Uzinfocom» yagona integratori tomonidan mazkur nizom talablariga to‘la mos keladigan http://meningfikrim.uz portali ishlab chiqilib, belgilangan vaqtda, ya’ni joriy yilning 20 aprel kuni ishga tushirildi. Ma’lumot sifatida aytib o‘tish mumkinki, mazkur portalga https://petition.gov.uz domeni orqali kirish mumkin.

Murojaatni kimlar yuborishi mumkin?

Murojaat yuborilgan kunda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarosi elektron jamoaviy murojaat tashabbuskori bo‘lishi mumkin.

Murojaatni berish va ko‘rib chiqish tartibi

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati, mahalliy kengashlarga murojaat qilish uchun fuqaro id.gov.uz sayti(identifikatsiyalashning yagona tizimi)dan avtorizatsiyadan o‘tadi va murojaat matnini «Mening fikrim» portaliga yo‘llaydi.

Jamoaviy murojaat «Mening fikrim» portalida ommaga havola etilishi uchun kamida besh nafar shaxs qo‘llab-quvvatlashi lozim. Bu nimaga kerak deb o‘ylashingiz mumkin. Bu o‘rtaga tashlanayotgan muammo nafaqat sizni, balki boshqalarni ham o‘ylantirayotganini, sizning fikrdoshlaringiz borligini ko‘rsatish uchun kerak.

Shu o‘rinda alohida eslatma:

«Mening fikrim» portaliga kiritilgan onlayn murojaatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun «kabinet»ga kirgan holda «qo‘llash» bo‘limiga o‘tish va ma’qul kelgan mavzularni qo‘llash lozim.

Skrin: meningfikrim.uz 

Murojaat zarur miqdordagi shaxslar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, moderator (Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti) tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish yuzasidan ekspertizaga qabul qilinadi.

Ekspertiza qancha vaqt davom etadi?

Moderator o‘n besh kun ichida murojaatni ekspertizadan o‘tkazadi, agar uning ijobiy xulosasi olinsa, murojaat 1 ish kuni ichida portalda e’lon qilinadi.

Ijobiy xulosa olinmasa nima bo‘ladi?

Murojaatni «Mening fikrim» portalida e’lon qilish rad etilganda, murojaat tashabbuskori keyingi kundan kechiktirilmagan holda rad etish sabablari tushuntirilgan xabarnomani oladi.

Ovoz berish jarayoni qanday bo‘ladi?

Murojaat «Mening fikrim» portalida e’lon qilingan sana uni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ovozlarni to‘plash boshlangan sana deb hisoblanadi.

Murojaat bo‘yicha ovoz berish murojaat matni e’lon qilingan paytdan boshlanadi hamda to‘qson kun mobaynida o‘tkaziladi.

Qancha ovoz to‘plansa murojaat ko‘rib chiqiladi?

  • Oliy Majlis palatalari — 10000 ta ovoz;
  • Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari — 5000 ta ovoz;
  • xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari — 1000 ta ovoz to‘plagan murojaatlarni ko‘rib chiqadi.
  • Ko‘tarilgan masala mohiyatidan kelib chiqib, moderator qaysi davlat organi ushbu masalani ko‘rib chiqishini belgilaydi.
  • Yetarlicha ovoz to‘play olmagan murojaatlar portalning arxiviga joylashtiriladi.
  • Zarur miqdordagi ovozlarni to‘plagan murojaat moderator tomonidan keyingi kundan kechiktirmay vakolatli davlat organlariga yuboriladi.

Jamoaviy murojaat bo‘yicha qaror qachon va qayerda e’lon qilinadi?

Vakolatli davlat organlari 60 kun ichida murojaatni ko‘rib chiqib qaror chiqarishlari shart. Bunda murojaatning tashabbuskori vakolatli organ tomonidan tashkil qilingan murojaatni ko‘rib chiqish yig‘ilishlariga taklif etilishi mumkin.

Vakolatli organ qabul qilgan qaror «Mening fikrim» portalida e’lon qilinadi.

5 kun + 15 kun + 90 kun + 60 kun = 170 kun

Yuqoridagi sxemadan ko‘rinib turibdiki, o‘rtaga tashlangan murojaat 170 kundan kam bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror e’lon qilinadi.

Bir oy ichida qancha murojaat tushdi?

Portal ishga tushganidan so‘ng jamoatchilik tomonidan qiziqish bilan kutib olindi. Buni statistikadan ham ko‘rish mumkin.

21 may kuni soat 17.00 holatida. 

21 may kuni soat 17.00 gacha jami 380 ta jamoaviy murojaat kelib tushgan (kuniga o‘rtacha 11 tadan), 222 tasi ekspertiza jarayonida, 36 tasi qo‘llab-quvvatlash jarayonida hamda 16 tasi ovoz berish jarayonida, 106 tasi rad etilgan.

Nima sababdan aksariyat murojaatlar rad etilmoqda?

Portal foydalanuvchilari petitsiya yo‘llashdan avval «Mening fikrim» portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan yaxshilab tanishib chiqishlari tavsiya etiladi. Ushbu nizomda qanday murojaatlar ko‘rib chiqilmasligi haqida batafsil bayon etilgan.

Qolaversa, ayrim foydalanuvchilar jamoaviy murojaatlar bilan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflarni adashtirib yuborayotgan holatlar ham kuzatilmoqda. Taklif jo‘natib, «nega mening murojaatim ovoz berishga qo‘yilmayapti?» deb shikoyat qiluvchilar ham bor. Ular e’tiborga olishlari kerakki, bildirilgan taklifni moderator va ekspertlar ko‘rib chiqishadi, agar taklif o‘rinli va dolzarb bo‘lsa, hatto muallif Oliy Majlisga uchrashuvga taklif etilishi mumkin. Lekin bu taklif jamoaviy murojaat sifatida ovoz to‘plashga qo‘yilmaydi.

Bu ikki funksiya bir-biridan farq qiladi.

«Mening fikrim» portalida e’lon qilingan ommabop jamoaviy murojaatlar

  • xususiy transportlarni tonirovka qilishga ruxsat berish — 8132 ta ovoz (ushbu murojaat bir hafta ichida shuncha ovoz to‘play oldi, yana 2000 ga yaqin ovoz yig‘sa, Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan birinchi petitsiya bo‘ladi);
  • O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni oliy darajadagi mukofot — «O‘zbekiston qahramoni» unvoni bilan taqdirlash haqida — 4895 ta;
  • svetofor chiroqlariga vaqtni teskari hisoblash tizimini o‘rnatish — 3095 ta;
  • maktablarda o‘quvchilardan, ularning ota-onalaridan pul yig‘ish holatlariga barham berish va bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarga javobgarlik belgilash lozim — 2186 ta.

 Mobil ilova va «Telegram»-bot

Mobil aloqa vositalaridan foydalanuvchilar soni yurtimizda ko‘pchilikni tashkil etishi inobatga olinib, yaqin kelajakda «Mening fikrim» portalining «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi boti va mobil ilovasini yaratish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring