Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Telekom antifrod” — mijozlar ishonchini oqlash va raqamli iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning zamonaviy yechimi

“Telekom antifrod” — mijozlar ishonchini oqlash va raqamli iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning zamonaviy yechimi

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar va moliya xizmatlari jadal rivojlanib, inson hayotida muhim o‘rin egallamoqda. Ammo raqamli qulayliklar bilan birga, kiberhavfsizlik bilan bog‘liq muammolar ham ortib bormoqda. Ayniqsa, mobil aloqa orqali amalga oshiriladigan firibgarliklar, jumladan, SMS-fishing, telefon orqali aldov, SIM-kartani almashtirib firibgarlik qilish (SIM-swapping), qurilma klonlash kabi usullar keng tarqalgan.

Mazkur muammolarga qarshi kurashishda bank va telekommunikatsiya sohalari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu hamkorlik natijasida “O‘zTTBRM“ DUK tomonidan joriy etilgan “Telekom antifrod” tizimi mijozlarning mobil qurilmalari bilan bog‘liq shubhali faoliyatlarni aniqlashga va moliyaviy operatsiyalarni himoyalashga qaratilgan ilg‘or axborot tizimidir.

 “Telekom antifrod” — bu mobil aloqa operatorlari va banklar o‘rtasidagi integratsiya asosida ishlovchi intellektual platforma bo‘lib, u real vaqt ichida mijoz faoliyatini tahlil qilib, shubhali harakatlarni aniqlaydi va zarurat tug‘ilganda operatsiyani vaqtincha to‘xtatib turish yoki tekshiruvga yo‘naltirish imkonini beradi.

Masalan, mijoz SIM-kartasini yaqinda almashtirgan, boshqa qurilmadan SMS-kod kiritgan yoki klonlangan mobil qurilmadan ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan taqdirda tizim bu holatlarni avtomatik tarzda qayd etib, mos ravishda xavfsizlik choralarini ko‘radi.

Hozirgi kunga kelib, “Biznesni rivojlantirish banki”da mazkur tizim sinov tariqasida joriy etilgan va qisqa fursat ichida salmoqli natijalar qayd etildi. Jumladan:

17 000+ foydalanuvchi bank ilovasidan ro‘yxatdan o‘tgan;

18 500+ moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilgan.

Tizimning samarasi shundan iboratki, u shubhali va xatoli operatsiyalarni aniqlab, ularning oldini oldi:

6 339 holatda operatsiyani tasdiqlashda xatolik qayd etilgan;

5 477 holatda boshqa qurilmadan SMS-koddan foydalanilgan;

13 804 holatda mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tishda noto‘g‘ri SMS-kod kiritilgan;

5 484 holatda boshqa qurilmadan ro‘yxatdan o‘tishga urinish aniqlangan.

Bu raqamlar tizimning xavflarni aniqlashda yuqori samaradorlikka ega ekanini ko‘rsatish bilan birgalikda bugunda “Biznesni rivojlantirish banki”ning mobil ilovasi xavfsiz, kulay va zamon talablariga bardoshligini ko‘rsatadi.

“Telekom antifrod” tizimining bank va to‘lov tizimlariga keng joriy etilishi quyidagi ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi:

Firibgarlik holatlarini oldini olish;

Mijoz mablag‘larini tezkor himoyalash;

Bank tizimiga nisbatan ishonchni oshirish;

To‘lov kartalari va mobil ilovalardan foydalanish xavfsizligini kuchaytirish.

Natijada, mijozlar o‘z mablag‘lari va shaxsiy ma’lumotlari yaxshiroq himoyalanganini his qilib, raqamli xizmatlardan faolroq foydalanishga intilishadi.

 “Telekom antifrod” — bu nafaqat zamonaviy texnologiya, balki mijozlarning ishonchini saqlab qolish va raqamli iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning muhim qadami hisoblanadi. Mazkur tizimning keng qamrovli tatbiqi kelajakda barcha banklar uchun standart xavfsizlik mexanizmiga aylanishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring