Vazir Jizzax viloyatida AKT rivoji bilan tanishdi (foto)
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hududlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatida bo‘ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, u Do‘stlik tumani telekommunikatsiya bog‘lamasi va pochta aloqasi bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, tumandagi Manas qishlog‘ida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilganligi holatini o‘rgandi. Shuningdek, G‘allaorol tumani telekommunikatsiya bog‘lamasi va pochta aloqasi bo‘limi, Jizzax viloyati pochta filiali, Jizzax viloyati elektromagnit moslashuv xizmati, Jizzax radiotelevideniye uzatish stansiyasi, vazirlikning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini bilan qiziqdi.
Vazir Shuhrat Sodiqov uchrashuvlar davomida, eng avvalo, xodimlarga munosib ish sharoitlarini yaratish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Vazir, o‘z safari doirasida vazirlik ishtirokida Jizzax erkin iqtisodiy zonasida tashkil etilgan Optik tarmoqlarni qurish uchun passiv qurilmalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «ZTT Telecom» MChJ, Telekommunikatsiya qurilmalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Broadband Solutions» MChJ hamda video va IP-telefon apparatlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Smart Vision» MChJ qo‘shma korxonalarii faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Vazir hududlarda izchil ravishda o‘tkazib borilayotgan o‘rganishlardan soha korxona va tashkilotlari o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib, joylarda ijobiy o‘zgarishlar boshlanganini alohida e’tirof etdi. Ayni paytda, tizimdagi korxona va tashkilotlar, ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan ijro intizomi nazoratini yanada sifatli va samarali tashkil qilish, soha korxona va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va hajmini oshirish, daromadlarni ko‘paytirish hamda ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov uzoq yillar davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh soha xodimlarini vazirlikning tashakkurnomasi bilan taqdirladi hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter