«Adolat tantana qilishi shart» – Yevrokomissiya jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolayotgani haqida
So‘nggi 10 yil ichida jurnalistlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning 80 foizida aybdorlar jazosiz qolgan. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidentlari Jozep Borrel hamda Vera Yurova tomonidan 2 noyabr – Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni munosabati bilan berilgan bayonotda so‘z boradi.
«Biz bu kabi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berishimiz, qurbonlar haqi adolat tantanasini ta’minlab, inson huquqlari va qonun ustuvorligini himoya qilishimiz lozim», – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, qurolli ziddiyatlar payti «to‘rtinchi hokimiyat» vakillari faoliyatiga qasddan to‘sqinlik qilish, senzura, tazyiq, ta’qib, noqonuniy hibslar ko‘p kuzatiladi. Ayni paytda urush ketayotgan Ukrainada ham Rossiya qo‘shini sodir etayotgan vahshiyliklarni fosh etayotgan bir necha jurnalist va OAV xodimi o‘ldirildi yoki majruh etildi.
«Ziddiyatli hududlardan xabar yo‘llayotgan jurnalistlar, ta’bir joiz bo‘lsa, bizning ko‘z va quloqlarimizdir. Ular joylardagi hodisalarni jamoatchilikka yetkazish yo‘lida o‘z hayotlarini xatarga qo‘yadilar. Ularning OAVda e’lon qilgan aniq va xolis reportajlari jamoatchilikning tub manfaatlariga xizmat qiladi: hisobotlar, suratlar va yangiliklar qurolli ziddiyatlarning tadriji va yakuniga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin», – deb ta’kidlaydi Yevrokomissiya rasmiylari.
Taassufki, jurnalistlar faqat urush maydonidagina zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani yo‘q. Tinch hayotda ham, virtual olamda ham OAV vakillari nafrat, ta’qib, josuslarcha kuzatuv nishoniga aylanmoqda, gohida esa qatl etilmoqda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi butun dunyoda xatarli muhitda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Jumladan, Yevropaning «Inson huquqlari va demokratiya» global dasturi doirasida jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi borasida kuzatuvlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Yevropa komissiyasi tomonidan 2021 yilda qabul qilingan jurnalistlar xavfsizligiga doir tavsiyalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. 2022 yil 16 sentyabr kuni tasdiqlangan YeIning «OAV erkinligi to‘g‘risida»gi yangi qonunida ham mustaqil va hurfikrli matbuotni himoya qilish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
«Davlatlar jurnalistlarga qarshi sodir etilgan barcha jinoiy xatti-harakatlarni sud tartibida, xolis, mustaqil, samarali, shaffof tarzda, kechiktirmay tergov-taftish qilmog‘i va ta’qib etmog‘i lozim. Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga chek qo‘yish kerak. Adolat tantana qilishi shart», – deya xulosa qiladi Yevrokomissiya vitse-prezidentlari J.Borrel hamda V.Yurova.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh assambleyasi 2013 yilda 68/163-sonli rezolyusiya asosida 2 noyabr sanasini Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni deb e’lon qilgan.
Mazkur sana tanlangani bejiz emas. 2013 yilning 2 noyabrida Malidagi qurolli mojarolarni yoritayotgan fransiyalik jurnalistlar – Gislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan o‘ldirilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter