«Agent 007» har nuqtada: Dunyoning eng mashhur maxsus xizmatlari

Josuslar haqidagi filmlar hamisha mashhur bo‘lgan. Barcha davlatlar kinosanoatida bunday asarlarning o‘rni bor. Lekin haqiqiy maxsus xizmatlar agentlari kinolardagidek ko‘rkam va ko‘zga tashlanuvchan bo‘lib emas, imkon qadar e’tibor tortmay yurishga harakat qilishadi.
Dunyoning eng kuchli maxsus xizmati qaysi davlatga tegishli, degan savol ortidan kelib chiqadigan bahslar azaldan bor va ular davom etaveradi. Chunki hammasi ham o‘ziga xos uslubda va turli vazifalarni bajarish uchun ishlaydi hamda ularni solishtirishning aniq mezonlari yo‘q. Lekin shunga qaramay o‘z qamrovi, bajargan operatsiyalari va eng muhimi – erishgan natijalari bo‘yicha ancha ilgarilab ketgan qator maxsus xizmatlar borki, ularning ro‘yxati ko‘pchilik uchun qiziqarli.
Germaniya federal razvedka xizmati, BND
Nemis tilidagi nomi ancha uzun – Bundesnachrichtendienst, ko‘pchilik qisqa qilib BND deydigan bu xizmat 1956 yilda tashkil etilgan va Germaniyaning rasmiy eng yirik federal tashkiloti hisoblanadi. 7 ming kishilik shtatga ega BND xodimlarining kamida 2 ming nafari bevosita tashqi razvedka bilan shug‘ullanadi. Ular dunyoning barcha davlatlarida bor, deb bemalol aytish mumkin. Germaniya suverenitetini saqlash va mustahkamlash yo‘lida so‘nggi yillarda asosan terrorizmga oid ma’lumot to‘plash hamda tahlil qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Tashqi xavfsizlik bo‘yicha bosh direktorat, Fransiya
Qisqacha nomi DGSE bo‘lgan bu tashkilot 1982 yilda tuzilgan va 5 ming nafarga yaqin xodimlarga ega. Asosiy vazifasi Fransiya milliy xavfsizligini himoyalash, buning uchun hatto xorijda ham harbiy va kontrrazvedka operatsiyalar bajarishiga ruxsat beriladi. Bosh ofisi Parijning 20-okrugida joylashgan bu maxsus xizmatning asosiy operatsiyalari albatta sir tutiladi.
Davlat xavfsizlik vazirligi, Xitoy
Bu vazirlik Xitoyning ichida shu qadar katta kuchga va tizimga egaki, xorijiy razvedka vakillari ishi bu davlatda juda qiyinlashib ketgan. Ulkan mamlakatning biror nuqtasi nazoratsiz qoldirilmagan va axborot to‘plash a’lo darajada. Shuningdek, xakerlar guruhlari ham borki, bu bilan sanoat josusligi bo‘yicha qator yutuqlarga erishilgan.
Rasman bu vazirlik xodimlari mamlakat sotsialistik tuzumini ag‘darishga qaratilgan kontrrevolyusionerlik harakatlari, dushman josuslari va yomon niyatli xorijiy agentlarga qarshi kurashadi.
MI6 – «Agent 007» egasi
Buyuk Britaniyaning MI6 razvedka xizmati asosan Jeyms Bond obrazi orqali juda mashhur. Filmga qaralsa, agentlar eng zamonaviy qurollardan, turli uskunalar va avtomobillardan foydalanishadi. Eng go‘zal qizlar MI6da xizmat qilishadi, uning qudrati shu darajadaki, eng dahshatli jinoyatchilarni yo‘q qila oladi.
Qizig‘i, o‘z josuslari haqida shunday tasavvur yaratgan Buyuk Britaniya 1949 yilga qadar ham Maxfiy razvedka xizmati borligini rad etib kelgan.
Mossad, Isroil
Dushmanlari juda ko‘p bo‘lgan davlatning maxsus xizmati bo‘lmasligi ham mumkin emas. Ko‘pchilik ekpertlar Mossad agentlarining tayyorgarligini AQSh va Rossiya josuslaridan ham baland qo‘yadilar. Hududiy yaxlitligi bir necha karra o‘zgargan va bir nechta urushlarni boshdan kechirgan Isroil Mossadni muntazam kuchaytirib boradi.
1951 yilda tuzilgan tashkilotda bor-yo‘g‘i taxminan 1200 kishi ishlashi juda qiziq. Mossadning eng mashhur operatsiyalari natsist Adolf Eyxmanning o‘g‘irlab ketilishi va 1972 yildagi Myunxen olimpiadasida yahudiy sportchilarga nisbatan uyushtirilgan xunrezlik ishtirokchilarini dunyoning turli nuqtalaridan topib yo‘q qilinishi hisoblanadi.
Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati (KGBning merosxo‘ri FSB)
Ittifoq KGBsi juda ko‘p yo‘nalishlarda dovrug‘ qozongan va hanuzgacha ko‘pchilik FSBni KGB deydi. 1995 yilda tashkil etilgan va Moskvaning Lubyanka maydonida joylashgan. Shu bois ham bu davlatda «Lubyankaga olib ketildi» deyish juda jiddiy vaziyatni anglatadi. FSB razvedka, kontrrazvedka kabi an’anaviy vazifalardan tashqari korrupsiya va o‘ziga xos jinoyatlarga qarshi kurashadi.
Pokiston razvedkasi, ISI
Ko‘pchilik bu ro‘yxatda Pokiston razvedka tashkilotini ko‘rib hayron qolishi mumkin. Lekin 1948 yilda tuzilgan bu tashkilot nihoyatda qudratli, yaxshi ta’minlangan va katta shtat birligiga ega bo‘lgan tuzilma hisoblanadi. Turli manbalarga ko‘ra ISI 10 ming kishilik tarkibga ega va ular dunyoning turli nuqtalarida ish olib boradilar. Pokiston ichida undan faxrlanuvchilar ham, davlat ichida davlat shakliga kirib qolgan deya norozi bo‘luvchilar ham talaygina.
Markaziy Razvedka boshqarmasi, AQSh
Eng qudratli davlatda eng keng tarmoqli va yaxshi qurollangan agentlik xizmati bo‘lishi tayin. AQShning MRB boshqarmasini biz asosan rus tilidagi SRU atamasi orqali bilamiz. Ko‘pchilik MRB(SRU)ni FQB(FBR) bilan adashtiradi. FQB o‘z faoliyatini mamlakat ichkarisida olib borsa, MRB asosan tashqi razvedka bilan shug‘ullanadi. 1947 yilda tashkil etilgan boshqarma Virginiya shtatining Lengli hududida joylashgan. Uzoq yillar SRU KGB bilan keskin raqobat qilgan va bu haqda yuzlab asarlar, filmlar yaratilgan.
Abror Zohidov tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter