Ahmad ash-Sharaa Trampga tagdor hazil qildi
Ahmad ash-Sharaa Oq uyda. 2025 yil 10 noyabr.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa Isroil tomonidan bosib olingan Jo‘lon tepaligi borasida AQSh rahbari Donald Trampga tagdor hazil qildi.
Gap shundaki, Suriyaga tegishli Jo‘lon tepaligini AQSh Isroil hududi deb tan olgan.
22-sentyabr kuni Nyu-York shahrida Atlantika kengashi tashkil qilgan davra suhbatida qatnashgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa Donald Trampga bu borada e’tiroz bildirganini hikoya qilgan.
«Isroilliklarga nega Nyu-Jersini berib qo‘yaqolmaysiz? Jo‘lon tepaligi sizga tegishli emas, binobarin, uni birovga bera olmaysiz. Ammo Nyu-Jersi sizniki. Boz ustiga, Nyu-Jersida Tramp uchun ovoz bermaydigan demokratlar to‘lib yotibdi», – deya amerikalik hamkasbiga mutoyiba ohangida e’tiroz bildirgan Suriya prezidenti.
Ahmad ash-Sharaaga ko‘ra, Suriyaning yangi hukumati Isroil bilan xavfsizlik va chegara masalasida bir yilga yaqin vaqt mobaynida yopiq muzokara olib borgan. Ammo bu boradagi bitim 90 foiz tayyor bo‘lgan bir paytda Isroil to‘nini teskari kiyib olgan.
Suriya prezidenti BMT Bosh assambleyasidagi 23-sentyabr kungi chiqishida ham Jo‘lon tepaligi masalasini ko‘targan.
«Bizning suverenitetimizni, xalqaro huquqni buzishga qaratilgan har qanday urinish bartaraf etiladi. Jo‘lon Suriyaning hududi bo‘lib qoladi», – degan o‘zi ham Jo‘lon mintaqasida tug‘ilgan va hokimiyatga kelguncha qadar «Jo‘loniy» laqabi bilan atalgan Ahmad ash-Sharaa.
Ma’lumot o‘rnida:«Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi 2024-yil 8-dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin guruh yetakchisi Ahmad ash-Sharaa Suriyaning amaldagi rahbariga aylandi.
Damashqda hokimiyat alishgach, Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriya hududiga bostirib kirdi. Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974-yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi va strategik ahamiyatga ega Ash-Shayx tog‘ini egalladi hamda Qunaytra muzofotidagi qishloqlarda kommendantlik soati joriy qildi.
Isroil Suriyaning Jo‘lon tepaligini 1967-yili Olti kunlik urush yakunida bosib olgan. 1974-yili Suriya va Isroil o‘rtasida harbiy kuchlarni ajratishga doir bitim imzolanib, 400 kvadrat km hududda bufer zona tashkil etilgan.
1981-yilda Isroil Jo‘lon tepaligini anneksiya qilgan.
BMT Jo‘lon tepaligini Suriya hududi deb biladi va 1981-yilgi anneksiyani tan olmaydi.
2019-yil 25-mart kuni AQShning 45-prezidenti Donald Tramp Isroilning Jo‘lon bo‘yicha suverenitetini e’tirof etgan.
Jo‘lon tepaligi xavfsizlik nuqtai nazaridan Isroil uchun strategik ahamiyatga ega. Damashqdan atigi 60 km uzoqlikdagi tepalik nazorati Isroilga nafaqat Suriya, boshqa qo‘shni davlatlar bilan munosabatda ham ustunlik beradi. Qolaversa, hudud suv manbalariga boy. Isroil suvga bo‘lgan salmoqli ehtiyojini Jo‘lon tepaligidagi buloqlardan qoplaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Livan, Falastin, Yaman va Eronga qarshi harbiy harakatlar olib borgan Isroil hukumati Suriyaga nisbatan ham agressiv siyosat yuritmoqda.
2024-yilda Isroil havo hujumlari orqali Suriya flotini yakson qildi.
Damashq hukumatiga ko‘ra, Isroil 2024-yildan buyon Suriyaga 500 dan ziyod aviazarba yo‘llagan. Jumladan, 2025-yil avgustda berilgan zarbalar oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan.
Suriyada yangi hukumat ichki muammolar bilan andarmon bo‘lib turgan paytda Isroil ma’muriyati Jo‘lon tepaligi hududida yahudiy manzilgohlarini ikki baravar ko‘paytirish rejasini tasdiqlagan.
Hozirda bu hududda 30 mingga yaqin yahudiy kelgindilari istiqomat qiladi.
Bosh vazir Netanyahu Jo‘lon tepaligi abadiyan Isroilniki ekanini iddao qilgan.
Rasmiy Damashq talabiga ko‘ra, Isroil 1974-yilgi kelishuvda belgilangan ajratish chizig‘iga qaytishi kerak.
Suriya rahbariyati Isroil bilan ixtilofni istamasligini ochiq aytib keladi.
Ayni paytda Isroil Suriyadagi ayirmachi kuchlar orqali mamlakatni bo‘lib tashlashga urinayotgani aytilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter