Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anqara «2026-yil Turk dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilindi

Anqara «2026-yil Turk dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilindi

Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Turizm vazirlarining 10-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlardan delegatsiya rahbarlari hamda AK Partiya raisi o‘rinbosari Kurshad Zorlu ishtirok etdi.

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ochilish nutqida ushbu uchrashuvning mamlakatlar o‘rtasidagi azaliy qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Ersoy mushtarak til, tarix, madaniyat va sivilizatsiya tushunchasi atrofida shakllangan Turk dunyosi mintaqaviy va global miqyosda yanada ko‘zga ko‘ringan va yaxlit bir tuzilishga aylanayotganini ta’kidladi.

«TDT ushbu o‘zgarishlarning institutsional asosini tashkil etar ekan, u bizga hamkorlik va umumiy salohiyatimizni ishga solish uchun bebaho imkoniyatlarni taqdim etadi», - dedi Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

Mehmet Nuri Ersoy TDTga a’zo davlatlar bilan turizm aloqalari aniq ma’lumotlar bilan mustahkamlanganini ta’kidlab, quyidagi ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tdi:

«2025-yilning dastlabki besh oyida Ozarbayjondan 317 ming, Qozog‘istondan 203 ming, Qirg‘izistondan 79 ming, O‘zbekistondan 215 ming, Vengriyadan 58 ming, Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan 106 ming va butun Turkistondan 70 ming nafar sayyohni qabul qildik. Shu munosabat bilan Turkiyaga ko‘rsatgan katta qiziqishingiz uchun barcha qardosh xalqlarimizga va siz, qadrli hamkasblarimga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.»

Mehment Nuri Ersoy, shuningdek, vazirlik tomonidan madaniy meros hududlarida turistlar tajribasini boyitish maqsadida amalga oshirilayotgan turli loyihalar bilan o‘rtoqlashdi va tungi muzey amaliyoti boshlanganini eslatdi.

Vazir 1-iyundan 1-oktabrgacha tashrif buyuruvchilar Ayasofya masjidi, Galata minorasi, Efes antik shahri, Nemrut va Zeugma mozaika muzeylari kabi 27 ta joyni kechqurunlari ham ziyorat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi. Ayasofya va Efesda amalga oshirilgan loyihalarga o‘xshab, yoshlarga raqamli kontent orqali tarixni o‘rgatish uchun raqamli tajriba muzeylari tashkil etganliklarini aytib o‘tdi.

Mehmet Nuri Ersoy, arxeologik qazishmalarning ilmiy samaradorlikni oshirish va mahalliy taraqqiyotga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Gordiondagi 47-tepalikning kashf qilinishi Anqaraning YuNESKO Jahon merosi ro‘yxatidagi joyini tanitishida muhim rol o‘ynaydi.

BMT Jahon Turizm Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2025-yil may oyi Jahon Turizm Barometriga ko‘ra, Turkiya 2024-yilda 56,7 million xorijiy sayyohni qabul qilib, dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona 5-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan Turkiya bu sohada barqaror yuksalishini davom ettirdi.

«Qo‘shma turizm yo‘nalishlari tashkil etish, vizani yengillashtirish, madaniy merosni birgalikda targ‘ib qilish kabi qadamlar nafaqat mamlakatlarimizni, balki butun Turk dunyosini yanada ko‘rimli va jozibador qiladi», - deydi vazir uchrashuvga mezbonlik qilgan poytaxt Anqaraning tarixiy va madaniy boyligiga e’tibor qaratib.

Vazir Anqaraning Saljuqiylar davridan Usmonlilar va Jumhuriyat davrigacha bo‘lgan chuqur ildizlarga ega tarixi bilan muhim sivilizatsiya markazi ekanligiga to‘xtaldi va shunday dedi:

«Bularni inobatga olgan holda TDT huzurida Anqarani 2026-yil uchun «Turk dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilmoqchi ekanligimizni mamnuniyat bilan bildirmoqchiman. Bu unvon Anqaraning madaniy diplomatiyadagi qudratini kuchaytirishiga va Turk dunyosidagi madaniy turizmga yangi turtki berishiga ishonaman».

TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ham Turkiyaning turizm bo‘yicha dunyo yetakchisi ekanini ta’kidladi.

O‘muraliyev 2014yilda Bodrumda bo‘lib o‘tgan sammitdan buyon TDT tarixiy, madaniy va geografik boyliklarni umumiy kuchga aylantirish uchun katta sa’y-harakatlar qilganini ta’kidladi. Bugungi kunda TDT tomonidan amalga oshirilayotgan strategik va istiqbolli tashabbuslarda bu bog‘liqlik ruhi yashayotganini qo‘shimcha qildi:

«Bu qadimiy yo‘l savdo tarmog‘idan ham ko‘ra ko‘proq Sharq va G‘arbni murakkab hamkorlik tarmog‘ida bog‘lovchi g‘oyalar, axborot va madaniyat almashinuvi kanali edi».

Yig‘ilish Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan Anqaraning 2026 yil «Turk dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilinishi bilan yakunlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring