Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh diplomatik tizimida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi – davlat kotibi

AQSh diplomatik tizimida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi – davlat kotibi

Entoni Blinken joriy yil yanvardan Davlat kotibi vazifasini bajarishga kirishgan.

Foto: Leah Millis/AP

AQSh Davlat departamenti tizimida jiddiy islohotlar amalga oshiriladi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken Arlingtondagi Diplomatik xizmat institutida so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.

O‘zgarish va yangilanishlar AQSh milliy xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etayotgan besh yo‘nalish – iqlim, sog‘liqni saqlash, kiberxavfsizlik, iqtisodiyot va ko‘p tomonlama diplomatiya jabhalariga taalluqlidir.

«Ko‘pdan beri intiqlik bilan kutilgan tarixiy o‘zgarishlar uchun imkoniyat eshiklari ochilmoqda va biz bundan qat’iyat bilan foydalanamiz», – dedi Davlat kotibi.

Qayd etilishicha, Kongress ko‘magida Departament tarkibida kiberxavfsizlik va raqamli siyosat masalalari bo‘yicha yangi byuro tashkil etiladi. Yangi tuzilmaga alohida vazifalar bo‘yicha elchi boshchilik qiladi.

Bundan tashqari, yangi texnologiyalarni ishlab chiqarish, sun’iy intellekt, kvant informatikasi, biotexnologiyalar kabi yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi elchi lavozimi ham joriy etilishi kutilmoqda.

«Xalqimiz, kompaniyalarimiz va tarmoqlarimiz hamda muhim infrastruktura ob’yektlarimizga xavf tug‘diruvchi kiberhujumlarning oldini olishimiz lozim. Biz internet qatag‘on quroli emas, balki ta’lim olish, muloqot hamda iqtisodiy o‘sishning ilg‘or vositasi bo‘lishini istaymiz», – dedi E.Blinken.

Davlat kotibi AQSh dunyoda texnologik jihatdan eng rivojlangan mamlakat ekani va ushbu kuch-imkoniyatdan unumli foydalanish muhim ekanini ta’kidladi.

«Biz texnologiyalar demokratiya yo‘lida, axboriy xurujlarga qarshi kurash, internet erkinligini muhofaza etish va kuzatuv texnologiyalarini suiiste’mol qilishning oldini olishga xizmat qilishini istaymiz», – deb ta’kidladi mamlakat bosh diplomati.

Bugun iqlim o‘zgarishi oqibatida ro‘y berayotgan tabiat hodisalari insoniyatga kutilmagan muammolar tug‘dirmoqda, misli ko‘rilmagan fojialarga doyalik qilmoqda. Shu bois Davlat departamenti tizimida ham iqlim o‘zgarishiga aloqador lavozimlar joriy etiladi.

Davlat kotibi COVID-19 pandemiyasi xususida gapirar ekan, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchi davlatlar bilan insoniyat salomatligiga xavf soluvchi tahdidlarning oldini olish borasida yaqin hamkorlik qilishi lozimligini urg‘uladi.

E.Blinken, ayni choqda, jahon iqtisodiyoti, internet siyosati, atrof-muhit muhofazasi, inson huquqlari kabi masalalarda ham boshqa davlatlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilishini bildirdi.

«Ko‘p tomonlama diplomatiya – zamonamizning yolg‘iz holda hal etish mushkul bo‘lgan ulkan muammolari yechimi yo‘lida boshqa mamlakatlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish demakdir. Agar biz xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etmasak, vujudga kelgan bo‘shliqdan bizning qadriyat va manfaatlariga xayrixoh bo‘lmaganlar foydalanishi mumkin», – deb ogohlantirdi E.Blinken.

Avval xabar berganimizdek, Qo‘shma Shtatlar 3 yillik tanaffusdan keyin BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligiga qaytdi.

Inson huquqlarini himoya qilish borasida dunyoda peshqadam va yalovbardor bo‘lgan mamlakatning uch yil avval BMT kengashini tark etishi xato qadam deb baholangan edi. Shunga ko‘ra, tahlilchilar prezident Jo Bayden ma’muriyati salafining yana bir xatosini to‘g‘rilagani va izolyasionizm siyosatidan yiroqlashuv yo‘lida dadil qadam tashlaganini ta’kidlamoqdalar.

Davlat departamenti... Dunyoning jiddiy muammolari ushbu devorlar ortida hal etiladi. Foto: Reuters

Davlat kotibi E.Blinken dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan AQSh diplomatlari o‘z hayotini xatarga qo‘yayotgani, gohida salomatlik bilan tovon to‘lashga majbur bo‘layotganini ham taassuf bilan qayd etgan. Bu borada «Havana sindromi» deb atalgan noodatiy kasallikka ishora qilgan.

Eslatib o‘tamiz, ilk bor 2016 yili AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan xodimlarda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan. Keyinroq Avstriya, Xitoy, Rossiya kabi mamlakatlardagi elchixonalar xodimlarida ham «Havana sindromi» kuzatilgan.

E.Blinken salomatligini yo‘qotgan xodimlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi, bundan buyon diplomatlar sog‘lig‘ini muhofaza etishga jiddiy e’tibor qaratilishini ma’lum qilgan.

AQSh tashqi siyosat mahkamasi – Davlat departamenti tashkil etilganiga 232 yil bo‘ldi. Mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington 1789 yil 27 iyulda ilk federal muassasa – Tashqi ishlar departamentiga asos soldi. Oradan biroz muddat o‘tib, muassasa nomi Davlat departamenti deya o‘zgartirildi. Dastlab bir necha o‘n chog‘li xodim faoliyat yuritgan mahkama yillar mobaynida kengayib, o‘n minglab kishini ish bilan ta’minlovchi ulkan tuzilmaga, sayyoramizning eng qudratli idorasiga aylandi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring