Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Birinchi raqamli jinoyatchi»: barcha izlar Belarusga olib boradi...

«Birinchi raqamli jinoyatchi»: barcha izlar Belarusga olib boradi...

Foto: «The Insider»

19-iyun kuni «Minsk» milliy aeroportiga xususiy samolyot kelib qo‘ngan, unda Avstriya fuqarosi Yan Marsalek uchib kelgan, deb xabar berdi «The Insider».

Yan Marsalek — hozir jahonda qidirilayotgan «birinchi raqamli» jinoyatchi. Yevroradioning xabariga ko‘ra, «siyosiy barqaror joydamisiz» deya hol so‘ragan hamkasbini u: «Tashvishlanmang, bu yerda hukumat 25 yildan beri o‘sha-o‘sha odamlar qo‘lida», deb tinchlantirgan.

2020-yilning iyunida Marsalek amaliyotlar bo‘yicha direktor bo‘lib ishlaydigan (u kompaniyaning Osiyodagi faoliyati uchun mas’ul edi) Germaniyaning «Wirecard» kompaniyasi, auditorlar balansda 2 milliard yevro kamomadni aniqlaganidan so‘ng, inqirozga uchradi. Bu paytga kelib Marsalek ruslarning Liviyadagi harbiy xususiy kompaniyasi (ChVK) hamda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan aloqador ekanini OAV bilishga ulgurgandi.

Marsalek 18-iyun kuni ishdan bo‘shaydi. Hamkasblariga Filippinga uchayotgani — aybsizligini isbotlash uchun yo‘qolgan milliardlarni topishga ketayotganini aytadi va nom-nishonsiz  yo‘qoladi. Marsalekni firibgarlik va talon-torojda gumon qilib avvaliga Germaniya va Avstriya politsiyasi qidirishga tushdi, keyin ularning yoniga boshqa mamlakatlarning maxsus xizmatlari ham qo‘shildi — endi avstriyalik rus razvedkasi bilan aloqador degan shubha paydo bo‘lgandi.

2015-yildan beri Liviyada o‘z loyihalarini amalga oshirib kelgan Marsalek «Liviyani gumanitar tiklash» masalasida rossiyalik va yevropalik amaldorlar bilan osh-qatiq bo‘lgan. «The Insider» yozadiki, bu yerda asl maqsad urush holatidagi mamlakatda pul ishlash uchun xususiy harbiy kompaniyalar tuzish edi. Marsalekning Liviyadagi maslahatchisi Andrey Chuprigin — arab dunyosi bo‘yicha ekspert, g‘arb razvedkasi ma’lumotlariga binoan esa, Rossiya razvedkasi ofitseri bo‘lgan. Ayrim xabarlarda 2017-yili Marsalek Suriyadagi Palmira hududlari IShID jangarilaridan tozalanganidan keyin rus harbiylari mehmoni bo‘lgani aytiladi.

«Bellingcat» nashri yozishicha, Marsalekning bir oyog‘i Rossiyada bo‘lgan: oxirgi 10 yilda bu mamlakatga 60 martadan ko‘p kelgan. Rus diyoriga olti xil Avstriya pasporti hamda boshqa hujjatlar vositasida (bu hujjatlar ma’lumotlar bazasidan o‘chirib yuborilgan) kirib-chiqib yurgan. Masalan, bir gal DA0000051 raqamli «fuqaroligi bo‘lmaganga berilgan diplomatik pasport»da kelgan. Bunaqa pasportlar kamdan-kam mamlakatlarda faxriy konsullarga beriladi yoki «qora bozor»da sotiladi. Marsalek FXX e’tiboriga 2015 yilda tushib qolgan — ekspertlarning taxminicha, uni yollashga urinib ko‘rishgani aniq.

«Wirecard»dan bo‘shagan Marsalek izlarni ham chalg‘itib ketdi: Xitoy va Filippinga chiptaga buyurtma berib, immigratsion kartalarni qalbakilashtiradi, qo‘lida kokteyl bilan plyajlarda tushgan suratlarini internetga joylaydi. Ammo u hozirda hukumat 25 yildan beri bir xil odamlar qo‘lidagi mamlakatdaligini aytganidan so‘ng, jurnalistlarning xayoliga birinchi bo‘lib Belarus keldi. Chegarani kesib o‘tish ma’lumotlariga ko‘ra, «The Insider»da maqola chiqqan paytda u hali Belarusni tark etishga ulgurmagan.

Marsalekni «Embraer 650 Legacy» xususiy samolyoti Tallindan Minskka olib kelgan, oradan ikki soat o‘tib bu samolyot Vitebskka uchib ketgan. Jurnalistlar FlightRadar yordamida xuddi shu samolyot Tallinga Avstriyaning Klagenfurt shahridan uchib kelganini payqashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring