BMT bosh kotibi yangi pandemiyalarga tayyor turishga chaqirdi
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirus pandemiyasidan saboq chiqargan holda istiqboldagi shu kabi favqulodda vaziyatlarga tayyor turishga da’vat qildi.
Koronavirus ofati qariyb 6,7 million insonning umriga zomin bo‘ldi, 664 million kishi ushbu dardga chalindi. Mamlakatlar iqtisodiyoti izdan chiqdi. Dunyo bo‘yicha moliyaviy yo‘qotishlar trillionlab dollarga yetdi. Ayniqsa, kambag‘al va rivojlanayotgan o‘lkalar og‘ir ahvolda qoldi.
«COVID-19 – insoniyat yuzma-yuz keladigan so‘nggi epidemiya yoki pandemiya emas. Biz xalqaro hamjamiyat o‘laroq COVID-19ning achchiq saboqlarini unutmasligimiz, pandemiyaga tayyorgarlik va unga qarshi kurash uchun katta miqdorda sarmoya kiritishimiz lozim», – deydi BMT rahbari.
A.Guterrishga ko‘ra, dunyo miqyosida epidemiologik nazoratni kuchaytirish, viruslarni erta aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish hayot-mamot masalasiga aylangan.
Xalqaro tuzilma raisi pandemiyaga qarshi yakka davlatlar kurasha olmasligi, shunga ko‘ra butun dunyo yagona mushtga aylanib harakat qilishi kerakligini ta’kidlagan.
«Barcha mamlakatlar vaksina, davolash va tashxis vositalari hamda muhim texnologiyalardan foydalanish borasida teng imkoniyatga ega bo‘lishini ta’minlash kerak», – deya xulosa qilgan Antoniu Guterrish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter