Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya urush kechayotgan Sudandan 157 kishini olib chiqdi

Saudiya urush kechayotgan Sudandan 157 kishini olib chiqdi

Foto: SPA

Saudiya Arabistoni Sudan hududidan 157 kishini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ular orasida nafaqat podshohlik, balki boshqa davlatlar fuqarolari ham bor. Bu o‘n kundan buyon urush kechayotgan mamlakatda amalga oshirilgan ilk qutqaruv amaliyotidir.

Podshohlik tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Sudandan 91 nafar Saudiya fuqarosi olib chiqilgan.

Saudiya harbiy dengiz kuchlari tomonidan amalga oshirilgan qutqaruv amaliyoti doirasida Kuvayt, Qatar, BAA, Misr, Tunis, Pokiston, Hindiston, Bolgariya, Bangladesh, Filippin, Kanada, Burkina-Faso kabi birodar va do‘st mamlakatlarning 66 nafar diplomatlari va fuqarolari ham evakuatsiya qilingan.  

Qurolli ixtilof hududidan olib chiqilganlar kemada Qizil dengiz orqali Jidda shahriga keltirilgan.

Sudanning bosh havo bandargohi yopilgan va qonli to‘qnashuvlar kechayotgan bir paytda xorijliklarni olib chiqish mushkul vazifa bo‘lib qolmoqda.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, AQSh ham Sudan poytaxti Xartumdan o‘z diplomatlari va ularning oilalarini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Prezident Jo Bayden qutqaruv amaliyotida ko‘rsatgan ko‘magi uchun Jibuti, Efiopiya va Saudiya Arabistoniga minnatdorlik bildirgan. 

AQSh rahbari begunoh insonlar o‘limiga olib kelayotgan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni talab qilgan.

Shuningdek, Germaniya, Buyuk Britaniya va Ispaniya Sudandan o‘z fuqarolarini olib chiqqan. Fransiya, Italiya, Xitoy kabi davlatlar ham qutqaruv amaliyoti o‘tkazishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13 aprel kuni Sudan  poytaxti Xartum shahrida general Abdulfattoh Burhon qo‘mondonligida muntazam armiya va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketdi.

Sudanni uzoq yillar idora etgan Umar Bashir 2019 yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. Shundan keyin harbiy va fuqaroviy guruhlar o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishgan. Ammo mamlakatdagi turli siyosiy, harbiy guruhlar o‘zaro til topisha olmadi.

So‘nggi kunlarda generallar Abdulfattoh Burhon va Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat esa rosmona urushga aylanib ketdi. O‘n kundan buyon davom etayotgan janglarda 600 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, jarohatlanganlar soni 3500 dan oshdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring