Dard ustiga chipqon: 27 yilga qamalgan sobiq prezidentda rak aniqlandi

Braziliya sobiq prezidentida rak aniqlandi.
12-sentyabr kuni davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, 27 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Braziliyaning 70 yoshli sobiq prezidenti Jair Bolsonaru teri saratoniga chalingan. Bu haqda sobiq davlat rahbari jarrohiga tayanib, CNN Brasil telekanali xabar berdi.
14-sentyabr kuni Jair Bolsonaru teridagi sakkizta o‘simtani olib tashlash uchun operatsiya qilindi. Jarrohlik guruhi rahbari Klaudio Birolinining telekanalga aytishicha, jarohatlarning ikkitasida sobiq prezidentning qo‘li va ko‘kragida joylashgan skuamoz hujayrali karsinoma belgilari paydo bo‘lgan. “Bu eng zararsiz ham, eng tajovuzkor ham emas, ammo bu teri saratoni”, deb tushuntirdi janob Birolini. Uning qo‘shimcha qilishicha, kasallik sabab Jair Bolsonaru muntazam tekshiruvdan o‘tishini talab qiladi.
Bir kun avval janob Bolsonaru ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi va qon bosimi pastligidan shikoyat qilib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
Jair Bolsonaru 2023-yil yanvarida Braziliyaning amaldagi prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning hokimiyat tepasiga kelishiga to‘sqinlik qilish uchun fitna uyushtirgani uchun 27 yilu 3 oylik qamoq jazosini oldi. Janubiy Amerika davlatining ko‘plab harbiy to‘ntarishlar tarixiga qaramay, Bolsonaru demokratiyaga hujumda ayblangan Braziliyaning birinchi sobiq prezidenti bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter