«Devor»dagi qahva
Bu voqea yozilganiga ancha yillar bo‘lgan. Kim tomonidan yozilganini bilmayman. Ammo bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda juda mashhur. Shunchalik saboq chiqaradigan katta voqeaki, hatto ba’zi mamlakatlarda o‘quvchilar bu haqida o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashish uchun insho yozishadi. Biz uchun juda hayratlanarli bu ezgulik boshqa mamlakat odamlari orasida oddiy hol...
«Men do‘stim bilan yorug‘likka chulg‘angan, atrofi suv bilan o‘ralgan qo‘shni shahar – Venetsiyaning taniqli qahvaxonasiga kirdim. Qahvadan rohatlanib o‘tirganimizda bir kishi kirib, yonimizdagi bo‘sh stolga joylashdi.
U ofitsiantni chaqirdi va buyurtma berdi: «Ikki stakan qahva, bittasi devorga.» Biz bu buyurtmani eshitib hayron qoldik va mijozni qiziqish bilan kuzatdik. Unga bir stakan qahva berilganini, lekin u ikkita stakan qahva uchun haq to‘laganini ko‘rganimizda hayratimiz yanada oshdi. U ketishi bilan ofitsiant bir varaq qog‘ozni devorga yopishtirdi, unga shunday yozilgandi: «Bir stakan qahva». Biz qahvamizni ichishda davom etdik, yana ikki nafar odam kirib, uchta stakan qahva buyurdi, ikkitasini o‘zlariga, biri devorga. Ular ham xuddi shunday qilishdi, ikki stakan qahva olishdiyu, ammo uchta stakanga pul to‘lashdi. Bu safar ham ofitsiant xuddi shunday qildi – bir varaq qog‘ozni devorga yopishtirdi: «Bir stakan qahva».
Aftidan, ushbu sirli «imo-ishora» bu yerda odatiy hol edi. Buning sababini tushunmay, hisobni to‘lab, jo‘nab ketdik.
Bir necha kundan so‘ng biz yana ushbu qahvaxonaga bordik. Biz o‘tirganimizda bir kishi kirib keldi. Bu odamning kiyinishi qahvaxonaning standartiga ham, muhitiga ham mos kelmasdi.
Qashshoqligi yuz-ko‘zidan bilinib turardi. U o‘tirgancha ofitsiantga qarab: «devordagi qahvadan bir stakan», dedi. Ofitsiant bu odamga ham xuddi boshqalarga mulozamat qilgandek hurmat va ehtirom bilan qahva berdi.
Erkak qahvani ichib pulini to‘lamay ketdi. Ofitsiant devordagi qog‘ozning birini olib axlat chelagiga tashladi. Bularning barchasini tomosha qilib, hayratga tushdik.
Endi biz uchun ajablanarli joyi yo‘q, masala juda aniq edi. Bu shaharcha ahlining muhtojlarga ko‘rsatilayotgan ulkan ehtiromi ko‘zimizga yosh keltirdi.
Qahva jamiyatimizning ehtiyoji ham emas, biz uchun hayotning zarurati ham emas. Shuni ta’kidlash kerakki, biz har qanday ne’matdan zavqlanayotganda, balki o‘sha ne’matni biz kabi qadrlaydigan, lekin uni olishga qurbi yetmaydigan odamlar haqida ham o‘ylashimiz kerak.
Biz ofitsiantning muomalasiga e’tibor berdik – u yuzida tabassum bilan yordamga muhtoj odamlarga yana bir ezgulik ulashdi.
Muhtoj odam haqida o‘ylaganingizda bu qahvaxonada u o‘zini kamsitilgandek his qilmasligini anglaysiz. U o‘ziga bo‘lgan hurmatni saqlagan holda qahvaxonaga kiradi, unga bu qahvani kim berayotganini so‘ramaydi va bilmaydi. Bunga hojat yo‘q, u faqat devorga qaraydi, o‘zi uchun buyurtma beradi, qahvasidan zavqlanadi va ketadi.
Ushbu hikoyaning bosh qahramonlarini eslaganimizda bu shahar aholisining saxiyligi va g‘amxo‘rligini aks ettiruvchi devorni ham unutmasligimiz kerak.»
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter