Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dunyo xomxayollardan voz kechmoqda» – To‘qayev yangi doktrina haqida

«Dunyo xomxayollardan voz kechmoqda» – To‘qayev yangi doktrina haqida

Foto: Akorda.kz

Yer yuzida ziddiyat, mojarolar avj olib, geosiyosiy raqobat kuchaymoqda, xalqaro institutlar turg‘unlik, qutblanish va jamoatchilik ishonchining pasayishi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Bunday sharoitda barqarorlik eng noyob strategik resursga aylanmoqda. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning The National Interest jurnalida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, o‘nlab yillar davomida global siyosat avvaldan mustahkam bo‘lmagan globallashuv nizomi asosida shakllantirildi. Ammo u vaqt o‘tishi bilan haddan tashqari mafkuraviy tamoyillarga asoslangan modelga aylandi. Mas’uliyatsiz inklyuzivlik, cheklanmagan erkinlik va suveren jamiyatlar qarashlarini inkor etadigan axloqiy ustunlik oqibatida globallashuv dunyo bo‘ylab yuz millionlab odamlar nigohida asta-sekin qonuniyligini yo‘qotdi.

«Ishonchning boy berilishi tasodif emas edi. Bu hol davlat institutlari, xalqaro tuzilmalar va yetakchi mamlakatlarning siyosiy tizimlarida ildiz otgan korrupsiyaga oid hayratomuz faktlar oshkor bo‘lishi bilan yanada kuchaydi. Taniqli siyosiy arboblarning bunday sxemalarda ishtirok etishi mafkuraviy jihatdan so‘l dasturlar bilan bog‘liq hukumatlarga nisbatan allaqachon tanqidiy qarashni chuqurlashtirdi», – deb yozadi Q.To‘qayev.

Muallif fikricha, hozirgi xalqaro muhit pragmatizm va realizmga bo‘lgan talab ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu o‘zgarish Myunxen xalqaro anjumanida yaqqol ko‘rindi. G‘arb yetakchilari tomonidan berilgan bayonotlar milliy manfaatlar hamda suverenitetni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligi, barqarorlikni mafkuraviy dogma asosida qurish mumkin emasligini yana bir karra tasdiqladi.

«Dunyo hamkorlikdan voz kechmayapti, aksincha, xomxayollarning bahridan o‘tmoqda. Yangi paydo bo‘layotgan doktrina oddiy: tartib – qonun ustuvorligi, javobgarlik, oldindan aytib bo‘ladigan majburiyatlar va madaniy, milliy o‘ziga xosliklarga hurmatga asoslangan bo‘lishi kerak. Bu izolyasionizm emas, siyosiy mukammallikdir. Eski modelning muvaffaqiyatsizligi, ayniqsa, mojarolarni hal qilish jabhasida yaqqol ko‘rinayotir. Xalqaro hamjamiyat uzoq vaqt davomida ramziy bayonotlardan nariga o‘tmagan cheksiz muzokaralar, deklaratsiyayu konferensiyalarga tayanib kelgan. Natija ma’lum: foydasiz kelishuvlar, samarasiz diplomatiya va tinchliksiz tinchlik jarayonlari! Dunyo endi bunday yondashuvga yo‘l qo‘yolmaydi», – deyiladi maqolada.

To‘qayevga ko‘ra, hozirgi murakkab vaziyatda AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan BMTning roziligi bilan Tinchlik kengashining tashkil etilishi muhim qadam bo‘lib tuyuladi.

«Bu shunchaki cheksiz muhokamalar uchun yana bir platforma emas. Bu aniq natijalarga erishishga qaratilgan amaliy tashabbus, ayniqsa, G‘azo va Yaqin Sharqda. Ushbu tashabbusni tubdan o‘zgacha qiladigan jihat – uning mantig‘idir. Oq uy chinakam innovatsion yondashuvni qo‘lladi, charchagan siyosiy formulalarni takrorlash o‘rniga, aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tamoyilni – barqaror iqtisodiy taraqqiyot orqali tinchlik yo‘lini taklif qildi», – deb hisoblaydi Q.To‘qayev.

Maqolada Qozog‘iston va AQSh o‘zaro hurmat va tushunishga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, hamkorlik strategik ahamiyatga ega minerallar, raqamli infratuzilma, ilg‘or ishlab chiqarish, logistika va innovatsiya kabi yangi sohalarda kengayib borayotgani bayon etilgan.

Ta’kidlanishicha, rasmiy Ostonaning maqsadi Osiyo va Yevropani bog‘laydigan muhim tranzit va logistika yo‘lagiga aylanish, texnologiya, innovatsiya va inson kapitaliga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotni qurishdan iboratdir.

Q.To‘qayev yana bir karra bugungi xalqaro sharoitda ishonch shunchaki gap-so‘zda bilan emas, balki izchillik va mas’uliyat bilan belgilanishini urg‘ulagan.

«Faqat o‘z majburiyatlarini bajaradigan, ochiqcha harakat qiladigan va amaliy hamkorlikka intiladigan mamlakatlargina mustahkam ishonchni yaratadilar. Qozog‘iston barqarorlikni ustuvor deb biladigan, xalqaro majburiyatlarni hurmat qiladigan va aniq natijalarga erishadigan ishonchli va halol hamkor bo‘lishga qat’iy sodiqdir», – deb ta’kidlaydi prezident Q.To‘qayev.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring