Erdo‘g‘on turkiy xalqlar boshiga tushgan fojiani yodga oldi
18-may kuni sobiq Ittifoq rahbariyati buyrug‘i bilan qrim tatarlarining vatanidan ommaviy surgun qilinganiga 80 yil to‘ldi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ushbu fojiani esga oldi.
«Qardoshlarimiz qrim tatarlarini ona vatanidan judo qilgan, ular boshiga ulkan musibat solgan, haligacha qalbimizda og‘riq uyg‘otayotgan o‘sha qayg‘uli hodisani mahzun holda yodga olaman», – deb yozdi Turkiya rahbari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Allohdan surgun payti halok bo‘lganlarni o‘z rahmatiga olishini so‘ragan siyosatchi rasmiy Anqara har qanday vaziyatda ham qrim tatarlari haq-huquqlarini himoya qilishini ta’kidlagan.
«Turkiya har qanday vaziyatda ham qrim tatarlari – ayni paytda Qrimda yashayotganlar va ishg‘oldan keyin mintaqani tark etishga majbur bo‘lganlar haq-huquqlarini himoya qilish ahdida sobitdir», – deydi Erdo‘g‘on.
Sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 1944-yil 18-may tunida 250 mingdan ziyod qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi. Ochlik, tashnalik, turli xastaliklar hamda ona yurt firoqi sabab ularning yarmi yo‘lda vafot etgan.
Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan operatsiya o‘sha yilning iyunida yakunlangan. Turkiy qavmning ko‘plab musibatlarga duch bo‘lgan vakillari – qrim tatarlari asosan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan qo‘nim topgan. Sho‘ro davlati qrim tatarlari yarimorolni tark etgach, ularning tarixiy xotirasini o‘chirishga zo‘r berib harakat qilgan.
1989-yilning noyabrida SSSR Oliy soveti qrim tatarlarining surgun etilishini jinoyat deb tan olgan.
2015-yili Ukraina Oliy radasi ushbu tarixiy fojiani rasman genotsid deya e’lon qilgan.
Qrim tatarlarining hozirgi yetakchisi, surgun davrini O‘zbekistonda o‘tkazgan Mustafo Jamilov bir necha marta tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter