Erdo‘g‘on xalqaro hamjamiyatni ogohlantirdi
G‘azo sektorida ro‘y berayotgan ayanchli hodisalar xalqaro tartib-nizomlarning samarasiz va eskirganini ko‘rsatdi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Ostona shahrida 4- iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida tashkil qilingan sammitda gapirdi.
«G‘azoning xarob etilishi, 90 ming falastinlik jarohatlangani, 16 mingdan ziyod ma’sum bolalarning o‘ldirilishi mohiyat e’tiboriga ko‘ra xalqaro tartibning o‘z legitimligini yo‘qotgani va izdan chiqqanini tasdiqlaydi. Biz qat’iy qoidalarga tayangan xalqaro nizom ustunlari yemirilayotgan davrni boshdan kechirmoqdamiz», – dedi Erdo‘g‘on.
Isroilning Falastin eksklavi bo‘ylab bomba yog‘dirishi oqibatida 40 ming nafarga yaqin tinch aholi vakili halok bo‘lganini yodga olgan siyosatchi xalqaro hamjamiyatni Isroil rahbariyatiga qirg‘inni to‘xtatish borasida bosim o‘tkazishga chaqirdi. Aks holda vaziyat yanada murakkablashishidan ogohlantirdi.
Erdo‘g‘onga ko‘ra, mavjud to‘siqlarga qaramay, Turkiya tinchlik va barqarorlikni ta’min etuvchi xalqaro tartibot qurish yo‘lidagi urinishlarni to‘xtatmaydi.
«Maqsadimiz – insonlar va insoniy qadriyatlarga asoslangan diplomatik tashabbuslar orqali mintaqamizda va undan xorijda tinchlik belbog‘ini yaratishdir», – dedi notiq.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunida qabul qilingan Ostona deklaratsiyasida ham G‘azo sektorida ko‘p sonli tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgan harakatlar keskin qoralangan. ShHT yetakchilari zudlik bilan doimiy otashkesim o‘rnatish, gumanitar halokatga duchor bo‘lgan mintaqaga insonparvarlik ko‘magi yuborish va umuman Falastin masalasini to‘laqonli hal etish lozimligini ta’kidlaganlar.
Turkiya rahbari G‘azo sektoridagi xunrezlik sabab Isroil rahbariyatini keskin tanqid qilib kelmoqda. Xususan, u bosh vazir Binyamin Netanyahuni «G‘azo qassobi», «Zamonaviy Fir’avn» deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter