Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Faktcheking: Putin Szinpin qarshisida tiz cho‘kdimi?

Faktcheking: Putin Szinpin qarshisida tiz cho‘kdimi?

Internetda keng tarqalgan fotosurat aslida sun’iy intellekt mahsuli ekani aytilmoqda.

Xitoy rahbari Si Szinpinning prezident Vladimir Putin taklifiga binoan 20-22 mart kunlari Rossiyaga davlat tashrifi bilan kelgani dunyo matbuoti e’tiborida bo‘ldi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Moskvadagi muzokara payti olingani aytilgan fotosurat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Suratda Putinning xitoylik hamkasbi qarshisida tiz cho‘kkancha uning qo‘lidan tobelarcha ushlab turganini ko‘rish mumkin. «Putin tiz cho‘kkan ko‘yi xo‘jayini janob Siga sodiqlik ontini ichmoqda» deyiladi izohlardan birida.

Fotosuratning nechog‘li haqqoniy ekanini o‘rgangan DW tahririyati u soxta degan xulosaga kelgan.

Avvalo, qidiruv jarayonida suratning asl manbasi topilmagan.

Fotosuratning o‘zi sinchkovlik bilan o‘rganilganida, bir qator notabiiyliklar qayd etilgan. Putin ekani aytilgan shaxsning o‘ng oyog‘idagi poyabzal chap poyiga qaraganda katta ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning boshi ham tana a’zolari hajmiga mutanosib emas. Qolaversa, «Putin»ning ham, «Szinpin»ning ham qulog‘i nuqsonli ekani suratning haqqoniyligini yanada kuchli shubha ostiga qo‘yadi. «Davlat rahbarlari»ning chap tomonida turgan mulozimning qo‘llari ham go‘yoki birlashib-qo‘shilib ketgan.

DW xulosasiga ko‘ra, fotosurat katta ehtimol bilan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan. Qo‘l  va quloqlarga xos anomaliyalar ham aynan sun’iy intellekt yordamida yasalgan suratlarda uchraydigan nuqsonlardir.

Newsweek nashri esa faktcheking jarayonida Rossiya va Xitoy rahbarlari ekani aytilgan shaxslarning tasviri xira va mubham ekaniga e’tibor qaratgan.

Fotosuratni Kyiv Post nashri muxbiri Jeyson Jey Smart ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Putin Sini ishontirishga urinmoqda» degan izoh bilan chop etgan. Jurnalist Newsweek vakili bilan suhbatda Rossiya rahbari amalda Xitoy raisiga qaram mavqega tushib qolganini ta’kidlagani holda, millionlab foydalanuvchilar muhokamasiga sabab bo‘lgan fotosurat qalbaki ekanini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring