Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya sobiq kansleri Putin bilan do‘stligi sabab jazolanadigan bo‘ldi

Germaniya sobiq kansleri Putin bilan do‘stligi sabab jazolanadigan bo‘ldi

Shryoder va Putin traktor kabinasida. Hannover sanoat ko‘rgazmasi, 2005 yil.

Foto: dpa

Germaniya sobiq kansleri Gerhard Shryoder prezident Vladimir Putin bilan do‘stona munosabatlar hamda Rossiya shirkatlaridagi mo‘may daromadli lavozimdan voz kechmayotgani sababli imtiyozlardan mahrum etiladi. Mamlakat parlamenti bu borada yakdil kelishuvga erishdi.

Bundestagda sobiq kanslerning ofisi hamda yordamchilari faoliyat yuritib kelgan. «Putinning Germaniyadagi eng yaqin do‘sti» jazo tariqasida byuro hamda ofisdan mahrum etilmoqda. Uning pensiyasi hamda qo‘riqchilari saqlab qolingan.

Sotsial-demokratlar partiyasi vakili bo‘lgan G.Shryoder 1998-2005-yillarda kansler vazifasida faoliyat yuritgan. Hukumat boshlig‘i kursisidan ketganidan buyon Rossiyaning yirik energetika shirkati ؘ– «Rosneft» direktorlar kengashi rahbari lavozimida faoliyat yuritib keladi. Ukrainaga bosqin ortidan Shryoderning Kreml manfaatlariga qaratilgan faoliyatiga nisbatan norozilik kuchaygan.

Olmon matbuoti Shryoderni kremlparastligi bilan amaldagi hukumatni o‘ng‘aysiz holatga solayotgani, faqat shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotganini tanqid qilmoqda. Iqtidordagi sotsial-demokratlar partiyasi esa Shryoderni Rossiya shirkatidagi lavozimdan voz kechishga undamoqda. Ammo sobiq hukumat rahbari bunga ko‘nmayotir. Boz ustiga, u Ukrainaga bosqindan keyin ham Rossiyani ihotalash to‘g‘ri emasligi, Germaniya sanoati uchun rus xomashyosi zarurligi haqida bayonot bergan. Ayni choqda Shryoderni bir paytlar o‘zi raislik qilgan sotsial-demokratlar partiyasi a’zoligidan chiqarish tashabbusi ilgari surilgan.

Olmon jamoatchiligi ham sobiq hukumat rahbarining Ukrainani xonavayron qilayotgan siyosatchi bilan do‘stligidan xursand emas. Hatto Germaniyadagi ayrim qahvaxonalar Shryoder va rafiqasining kirishini taqiqladi.

2014 yilda Shryoder Sankt-Peterburgda 70 yillik yubileyini nishonlagan va tantanada shaxsan Putin qatnashgan edi. Rossiya–Ukraina ziddiyati avjiga chiqqan kunlar sobiq kanslerning G‘arb raqib o‘laroq ko‘radigan davlatda bayram qilishi Germaniya jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

2018 yili V.Putinning navbatdagi inauguratsiya lavozimida Shryoder ishtirok etgan va Rossiya prezidentining xos a’yonlari qatorida – patriarx Kirill va Dmitriy Medvedev bilan yonma-yon turgan edi. O‘shanda ham olmon matbuot o‘zini xorijiy davlat rahbarining mulozimi kabi tutayotgan sobiq kanslerni keskin tanqid qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring