Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom dunyosi Isroildagi AQSh elchisining iddaolariga javob qaytardi

Islom dunyosi Isroildagi AQSh elchisining iddaolariga javob qaytardi

Taker Karlson va Mayk Hakabi.

AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabining «yahudiy davlatining Yaqin Sharqdagi hududlarga huquqi» haqidagi so‘zlari islom dunyosida keskin norozilikka sabab bo‘ldi (jurnalist Taker Karlson bilan suhbatda elchi bu iddaoni ilgari surgandi — tahr.)

Shu munosabat bilan 14 ta arab va islom mamlakati, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi qo‘shma bayonotini e’lon qildi, deb xabar berdi Saudiya Arabistonining «Al Arabiya» telekanali.

Ushbu jamoaviy e’tirozga Saudiya Arabistoni, Iordaniya, BAA, Qatar, Indoneziya, Pokiston, Misr, Turkiya, Suriya, Falastin, Quvayt, Livan, Ummon va Bahrayn tashqi ishlar vazirliklari qo‘shilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, AQSh elchisining so‘zlari xalqaro huquq me’yorlariga zid bo‘lib, mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi va Falastin-Isroil nizosini tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyatlariga putur yetkazishi mumkin. Musulmon davlatlari va xalqaro tashkilotlar bunday chiqishlarni Isroilning bosib olingan hududlardagi noqonuniy harakatlarini qo‘llab-quvvatlash deb baholamoqdalar.

Hujjatda AQSh ma’muriyatidan xalqaro rezolyusiyalarga amal qilish va mintaqada adolatli tinchlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiluvchi bayonotlardan tiyilish talab qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring