Isroil FlyDubai samolyotini urib tushirishga tayyor bo‘lgan — CBS News
Isroil o‘tgan hafta Dubaydan Tel-Avivga uchgan FlyDubai samolyotida favqulodda vaziyat yuzaga kelgach, havo kemasini urib tushirishgacha tayyor turgan. Bu haqda vaziyatdan bevosita xabardor ikki isroillik manba CBS News’ga ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, samolyot Isroilga yaqinlashayotganida ikkinchi uchuvchi kapitanga pichoq bilan hujum qilgan va havo kemasini halokatga uchratishga uringan. Samolyot qisqa vaqt ichida qariyb 14 ming fut pastlagan. Isroil harbiy-havo kuchlari ekipaj bilan bog‘lanishga uringan, ammo javob ololmagan.
Mavzuga doir: Favqulodda qo‘ngan Flydubai samolyoti bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi
Shundan so‘ng Isroil havo hududi yopilgan va qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan. Biroq FlyDubai samolyoti Isroildan taxminan 400 mil uzoqlikda Saudiya Arabistoni tomon burilgach, isroillik qiruvchilar qaytarilgan. Saudiya Arabistoni ham o‘z harbiy samolyotlarini havoga ko‘targan.
Kapitan ikkinchi uchuvchiga qarshilik ko‘rsatib, kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan keyin yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari hujumchini zararsizlantirgan, reysda bo‘lgan ikki nafar ishdan tashqari uchuvchi esa samolyot boshqaruvini qo‘lga olib, Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.
Mavzuga doir: Flydubai samolyotida favqulodda hodisa: ochiq qolayotgan savollar
CBS News manbalariga ko‘ra, agar samolyot Isroilga yanada yaqinlashganida, qiruvchilar uni kuzatish va kabinadagi vaziyatni baholash uchun Iordaniya havo hududiga kirishi mumkin edi. Agar samolyot o‘g‘irlangani tasdiqlanib, ekipaj aloqaga chiqmaganida, uni urib tushirish masalasi bosh vazir darajasida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan.
Ayrmi manbalar tergov ma’lumotlariga tayanib, hujumda gumonlanayotgan ikkinchi uchuvchi – Ummon fuqarosi Hamam al-Hamami samolyotni Ben-Gurion aeroportiga urib tushirishni rejalashtirganini aytgan. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, hodisa yakka tartibda amalga oshirilgan hujum bo‘lishi mumkin.
Tergov davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter