Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Misr yangi poytaxt qurmoqda: yangi nom va logotip

Misr yangi poytaxt qurmoqda: yangi nom va logotip

Foto: «Tomorrow.City»

Misrning yangi poytaxti uchun nom, logotip, shior va vizual aydentika tanlovi boshlandi. Bu haqda «Ahram» nashri xabar berdi.

Takliflar 18-noyabrgacha qabul qilinadi. Ularni ziyolilar, yozuvchilar va boshqa sohalar vakillaridan iborat hakamlar hay’ati ko‘rib chiqadi.

Ma’lum qilinishicha, Misr 2015-yilda qurishni boshlagan yangi poytaxt 22 million aholiga ega hozirgi poytaxt Qohiradan 50 kilometr olisda joylashgan.

Yangi poytaxt uchun 700 kvadrat kilometrdan ziyod maydon ajratilgan. Bu yerga taxminan 6,5 million kishi ko‘chib kelib yashashi mumkin bo‘ladi. Loyihani amalga oshirish boshlang‘ich bosqichda 45 milliard dollarga baholangan edi.

Misrning zamonaviy poytaxtiga asosiy davlat muassasalari, xususan, parlament, hukumat, vazirliklar ko‘chiriladi, keraklicha turarjoylar va infratuzilma obyektlari bunyod etiladi.

Konsepsiyaga muvofiq, Misrning yangi ma’muriy poytaxtida yuqori texnologiyalardan foydalaniladi. Poytaxtliklar uchun kommunal xizmatlar to‘lovlari amalga oshiriladigan, turli xizmatlar bo‘yicha murojaatlar va shikoyatlar qoldiriladigan yagona mobil ilova joriy etiladi.

Xavfsizlikni ta’minlash uchun shahar ko‘chalari doimiy videokuzatuv ostida bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring