Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namoyishlar to‘lqini Yevropa universitetlariga ham yetib bordi

Namoyishlar to‘lqini Yevropa universitetlariga ham yetib bordi

Parijda talabalar namoyishi.

Foto: AFP

Butun Yevropa shaharlari bo‘ylab Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlariga qarshi talabalar namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Talabalar G‘azo sektorida minglab tinch aholi vakili o‘limiga olib kelgan urushni to‘xtatish, Falastin davlatchiligini tan olish va Isroil universitetlari bilan akademik aloqalarni uzishni talab qilmoqda.

Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari chodirlar tikkan. Ular rahbariyatdan universitetga kiritilgan sarmoya haqidagi ma’lumotlarni ochiqlash, Isroil bilan ilmiy robitani uzishni talab qilmoqda. «Oksford va Kembrij universitetlari daromadi falastinliklar hayoti badaliga o‘sishini qabul qilib bo‘lmaydi», – deyiladi namoyishchi talabalar bayonotida. Oksfordning 200 dan ziyod olimi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab ochiq xat yozgan.

Talabalar namoyishlari Avstriya, Belgiya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Italiya, Shveysariya kabi mamlakatlar universitetlariga ham yetib borgan.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, G‘azo sektorida 216 kundan buyon davom etayotgan urushda 34904 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 78514 nafari jarohatlandi. Vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan 10 ming nafar falastinlik hozircha «daraksiz yo‘qolgan» degan maqomda.

Tinch aholi orasida qurbonlar oshib borayotgan bir paytda dunyo bo‘ylab Isroilga nisbatan ko‘mak siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari kuchaymoqda. Jumladan, joriy yil aprel oyi o‘rtalaridan beri AQShning o‘nlab universitetlarida talabalarning norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar Isroil ma’muriyatini xalqaro gumanitar huquqni poymol etishda ayblamoqda. Ayni choqda, Isroil armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQShdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatish talab qilinmoqda. Jumladan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Oq uyga shunday chaqiriq yo‘lladi. Mazkur tashkilotlar Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring