Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon prezidenti Qorabog‘da strategik inshoot qurilishi rejasini ochiqladi

Ozarbayjon prezidenti Qorabog‘da strategik inshoot qurilishi rejasini ochiqladi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bu yil Qorabog‘ hududida ikkinchi aeroport qurib foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Bokuda o‘tkazilgan Yoshlar forumida gapirdi.

«Joriy yilda Zangilan aeroporti ochiladi. Bu bilan yoshlar uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Zangezur koridori bo‘yicha infratuzilma loyihalari davom ettiriladi. 2023 yilda esa temir yo‘l tarmog‘i Armaniston chegarasiga qadar yetkaziladi», – dedi Ilhom Aliyev.  

Ozarbayjon rahbari To‘rtinchi sanoat inqilobi doirasidagi yangiliklardan foydalanish muhimligini ta’kidlab, Qorabog‘ hududida ham «Aqlli shahar», «Aqlli qishloq» loyihalari joriy etilayotganini qayd etdi. Yil davomida hududda 5 ta yangi elektr stansiyasi ham foydalanishga topshiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, Qorabog‘ hududi salkam 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan. Ozarbayjon armiyasi 2020 yili Armaniston bilan 44 kunlik urush davomida okkupatsiya qilingan tarixiy hududlarini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni paytda hududda tiklash loyihalari amalga oshirilmoqda.

I.Aliyevga ko‘ra, bu yil Og‘ali qishlog‘ini boshdan-oyoq qurilishi yakunlanadi va chorak asr avval urush tufayli boshpanasini tark etgan aholi yana ona qishlog‘iga qaytadi. Ozarbayjon prezidenti Og‘ali qishlog‘ini barpo etish loyihasi ramziy mazmunga ega ekanini qayd etgan. 

Joriy yil davomida ochilishi kutilayotgan Zangilan aeroporti poydevori 2020 yil aprel oyida qo‘yilgan. Mazkur strategik inshoot Qorabog‘da yangidan barpo etilgan ikkinchi havo bandargohidir. Avval xabar berganimizdek, 2021 yil 26 oktyabr kuni Fuzuliy xalqaro aeroporti Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan ochib berilgan edi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston ham yangidan tiklanayotgan Qorabog‘ hududida qardosh Ozarbayjon xalqiga tuhfa sifatida maktab qurib bermoqda. Prezident I.Aliyev buning uchun O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring