O‘zbekistonliklarning aksariyatida maymun chechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjud – Sanepidqo‘mita
Maymunchechak kasalligi virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.
Sanepidqo‘mita ushbu kasallikning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimolini juda kam deya baholamoqda.
«Maymunchechak kasalligi respublikamiz hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 1980 yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (halq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymun chechagiga qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi», – deyiladi Qo‘mita ma’lumotida.
Qayd qilinishicha, Yevropa mamlakatlarida maymunchechak yuqtirgan bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda.
JSST Yevropa ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, maymunchechak epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tug‘dirmaydi. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi bilan bog‘liq epidemik vaziyat yuzasidan bayonot berar ekan, vahimaga berilishga hojat yo‘q deb ta’kidladi. Uning fikricha, «maymun chechagi koronavirus darajasidagi o‘ta jiddiy muammo emas, – biz mpox virusi bilan qanday kurashish kerakligini bilamiz».
Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida:
- maymunchechak kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;
- ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda bo‘lmaslik;
- jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qa’tiy rioya qilish;
- tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya-muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;
- jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter