Putin yana arining iniga cho‘p suqdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 29-fevral kuni mamlakat parlamenti yuqori palatasi – Federal majlisga yo‘llagan murojaatida tashqi siyosatga doir masalalar haqida gapiraturib, yadro quroli shay holatda ekaniga ham sha’ma qilgan edi.
«Strategik yadro kuchlarimiz kafolatlangan tarzda qo‘llov uchun to‘laqonli shay holatda turibdi. 2018-yilgi murojaatda qayd etilgan va rejalari e’lon qilingan qurollarimiz bo‘yicha ishlar yakunlandi yoki yakunlanish bosqichida», – dedi Putin.
Kreml xo‘jayini, shuningdek, Rossiya qurolli kuchlari jangovar imkoniyatlari ko‘p karra ortganidan gap ochdi. Umuman, ma’ruza davomida u mudofaa sanoatini yanada kuchaytirish, qurollanish masalasiga bir necha marta to‘xtaldi.
Putin strategik yadro quroli shay holatda ekanini baralla e’lon qilish bilan yana bir karra arining iniga cho‘p suqqandek bo‘ldi. Ayni paytda G‘arb matbuotida bu borada qizg‘in bahs-munozaralar kechmoqda.
Buyuk Britaniyaning «The Telegraph» gazetasi Rossiya rahbarining ushbu bayonotini «tahdidli ogohlantirish» deb atadi.
«Daily Mail» nashri ham buni «ochiq tahdid» deb baholadi.
Germaniyaning «Bild» nashri «Putin G‘arb mamlakatlariga hujum bilan tahdid qilmoqda» deb bong urdi.
«Frankfurter Allgemeine Zeitung» gazetasiga ko‘ra, Putin yana yadro quroli haqida gapirib, avvalo, joriy yil mart oyida o‘tadigan prezidentlik saylovi arafasida o‘zini mamlakatning qo‘rqmas va tolmas himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda. Qolaversa, strategik yadro quroli pisandasi zamirida G‘arbning Ukrainaga ko‘magini to‘xtatishga urinish yotibdi.
Ayni choqda, olmon nashri Putinning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirmaslik va unga yadro qurolini ishga solishning og‘ir oqibatlarini aniq-tiniq tushuntirish lozim deb hisoblaydi.
«Putinning o‘y-xayolida zarracha shubha qolmasligi kerak: agar u aqlsizlarcha yadro tugmasini birinchi bo‘lib bosar ekan, shubhasiz ikkinchi bo‘lib o‘zi ham o‘ladi», – deb yozadi «Frankfurter Allgemeine Zeitung».
AQShning «Newsweek» nashri yozishicha, Putin yadro quroliga doir bayonot bilan G‘arb davlatlarini Ukrainaga qo‘shin yuborish fikridan qaytarishga urinmoqda.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron G‘arb davlatlarining askarlari Ukrainaga yo‘llanishini istisno etmagan edi.
Germaniyaning «Der Spiegel» jurnali ham Putinning tahdidli bayonotini Makronga javob deb talqin qildi.
Turkiyaning «Milliyet» gazetasi esa hozirgi vaziyatni «sivilizatsiyani yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan fojiali holat» deb baholadi.
Germaniyaning so‘l yo‘nalishdagi «taz» gazetasi Kreml rahbarini «buyuk manipulyator» deb atar ekan, hammasi «poxoldo‘q» ekanini urg‘uladi.
Buyuk Britaniyaning «Financial Times» nashri maxfiy hujjatlarga tayangan holda, hozirgi pallada Rossiyaning taktik yadro qurolini ishga solish ehtimoli past degan xulosaga kelgan.
Aksar nashrlar zamonaviy dunyoda xalqaro hamjamiyatga ommaviy qirg‘in quroli bilan tahdid solish nomaqbul tendensiya ekanini qayd etib, Putinning Ukrainada g‘alaba qozonishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Putin avval ham dunyo hamjamiyatiga yadro quroli bilan tahdid solgan edi. U, xususan, 2022 yil 27 fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Rossiya mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.
Bir muddat oldin AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Rossiya tomonidan yadro quroli ishga solinishi istisno etilmayotganini bildirgandi.
«Prezident Putin va Rossiya rahbariyatining sog‘lom aqldan yiroq xatti-harakatlari, shuningdek, ular (Ukrainada) duch kelgan harbiy mushkulotlarni hisobga olganda, taktik yadro quroli yoki kichik quvvatli yadro qurolini ishga solish borasidagi tahdidga hech kim e’tiborsiz qaray olmaydi», – degan U. Byorns.
MRB rahbari Rossiyaning yadro qurolini ishga solish ehtimoli borasida muttasil kuzatuv olib borilayotganini ma’lum qilar ekan, hozircha bunday qaltis qaror qabul qilinganiga dalil yo‘qligini ta’kidlagan.
Ukraina tomoni ham yadro qurolini Putin qo‘lidagi so‘nggi «ko‘zir qarta» deb atagan.
Ctokholm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda AQSh, Buyuk Britaniya, Isroil, Rossiya, Fransiya, Hindiston, Xitoy, Shimoliy Koreya, Pokiston kabi dunyoning 9 davlati jami 12512 dona yadro kallagiga egalik qilgan. Ommaviy qirg‘in qurollarining 9576 tasi harbiy maqsadda foydalanishga yaroqli, 2000 tasi esa yuqori jangovar shay holatda ekani qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter