Rohinja qochqinlari Indoneziyada sirli ravishda yo‘qolmoqda
Inson huquqlari faollari Indoneziyada yuzlab rohinja qochqinlari bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan.
Indoneziyaning Achex viloyatidagi yuzlab rohinjalik qochqinlar ularga yashash uchun berilgan lagerlaridan bedarak yo‘qolgan. Bu haqda rohinjalar ishchi guruhi rahbari Ridvan Jamil aytib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning iyun va sentyabr oylari orasida kelgan 400 nafar rohinjadan faqat 112 nafari lagerda qolgan. Qolganlari esa sirli ravishda qo‘shni Malayziyaga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin.
Indoneziya hukumati so‘nggi bir necha kun ichida politsiya Sumatra orolidagi Medan shahrida odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan o‘ndan ziyod odamni hibsga olgani haqida aytib o‘tgan. Ular rohinjalarni Malayziyaga noqonuniy o‘tkazish bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda.
BMT ham ushbu vaziyatdan xavotirda ekanini bildirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi idorasi qochqinlardan lagerni tark etmasliklarini so‘ragan.
«Ketish paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni eslatish bo‘yicha doimiy harakatlarimizga qaramay, ular lagerlarni tark etish uchun kontrabandchilar xizmatidan ham foydalanmoqda», – degan BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi vakili Mitra Surono.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter