So‘kong‘ich to‘tilar qayoqqa yo‘qoldi?

Buyuk Britaniyaning Linkolnshir grafligidagi tabiat bog‘i xizmatchilari beshta to‘tiqushni tomoshabinlar ko‘z o‘ngidan panaroqqa yashirib qo‘yishga majbur bo‘lishdi.
Karantindan so‘ng odamlar kelib topshirgan bu to‘tilar so‘kinishni o‘rganib olgan va o‘tgan-ketganni «changitishni» boshlagan.
«Lincolnshire Live» yozishicha, to‘tilarning so‘kinishi odamlarning jahlini chiqarish o‘rniga, ko‘proq kulgisini qistatgan. So‘kinishi yetmaganidek, endi bu qushlar odamlarga taqlidan kulishni ham boshlashgan: bitta to‘ti so‘kinsa, qolganlari jo‘r ovozda kulgan.
So‘kong‘ich qushlar tomoshabinlarga ma’qul kelishiga qaramay, ularni ko‘zdan panaroqqa ko‘chirishga majbur bo‘lishdi, chunki boqqa keluvchilarning ko‘pi bolalar.
Ma’lumot uchun: ushbu tabiat bog‘ida taxminan bir yarim mingta to‘ti bor. Internetda tanilgan Chiko laqabli to‘ti (quyidagi video) ham shu yerlik. Chiko Beyonsening «If I Were a Boy» qo‘shig‘ini kuylab mashhur bo‘lib ketgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter