Tramp harbiylarga Panama bilan shug‘ullanishni topshirdi

Prezident Donald Tramp ma’muriyati harbiylarga AQShning Panama kanaliga ta’sirini kuchaytirishning ehtimoliy ssenariylarini ishlab chiqarishni topshirdi. Harakatlar rejasi Panama harbiylari bilan hamkorlikni kuchaytirishdan tortib harbiy kuch qo‘llash ehtimoligacha qamrab oladi. Bu haqda NBC News AQSh hukumatidagi manbalariga asoslanib xabar berdi.
Yuqori lavozimli ikki shaxs bergan ma’lumotga ko‘ra, Pentagon AQShning Panamadagi harbiy ishtirokini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu chora Trampning Panama kanalini Vashington nazoratiga qaytarish strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan. Kanalni kuch bilan egallab olish Panama hukumatining AQSh bilan hamkorlikka qanchalik shayligiga bog‘liq, deyilmoqda.
AQSh armiyasining Janubiy qo‘mondonligi rahbari Elvin Holsi ehtimoliy strategiyalarni mudofaa vaziri Pit Hegsetga taqdim etgan, deb xabar berdi NBC. Unga ko‘ra, hudduda hozirda 200 nafardan ziyodroq harbiyni tashkil etuvchi Amerika kontingentini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Kuch ishlatish esa bosim o‘tkazishning boshqa usullari samara bermaganda qo‘llaniladigan so‘nggi chora sifatida ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun: Panama kanali XX asr oxiriga qadar AQSh nazorati ostida bo‘lgan. AQSh prezidenti Jimmi Karter 1977-yilda imzo chekkan shartnomaga ko‘ra, kanalni boshqarish huquqi 2000-yilda Panama hukumatiga o‘tgan. Ushbu strategik muhim obyekt 1999-yilning 31-dekabriga qadar to‘liq AQSh nazorati ostida bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter