Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Trampning sobiq kelini shov-shuvli ayblov ortidan ishdan ketdi

Trampning sobiq kelini shov-shuvli ayblov ortidan ishdan ketdi

Kimberli Gilfoyl Oq uyda nutq so‘zlamoqda. 2025 yil 24 mart.

Foto: Getty Images

AQShning Gretsiyadagi elchisi Kimberli Gilfoyl shov-shuvli mojaro sabab iste’fo berdi. U AQSh prezidenti Donald Trampning sobiq kelini hisoblanadi.

Oq uy matbuot kotibi Keti Zakariya «Tramp jamoasida munosib faoliyat yuritgan» elchi Kimberli Gilfoyl ishdan ketganini aytish bilan cheklangan.  

Avvalroq AQSh ommaviy axborot vositalari Kimberli Gilfoyl xizmat vakolatini suiiste’mol qilgani, tovlamachilikka qo‘l urgani, hatto Gretsiya amaldorlariga tahdid qilgani haqida xabar bergandi.

Qayd etilishicha, Kimberli Gilfoyl katta miqdordagi qarzni yopish evaziga Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini ishga solib muayyan masalalarni hal etishni taklif qilgan.

Matbuot nashrlari, shuningdek, gretsiyalik tadbirkorlar Kimberli Gilfoylning dabdabali safarlarini moliyalashtirgani, buning evaziga elchi xonim ularning manfaatlarini himoya qilgani haqida yozdi.  

Sobiq kelini korrupsiya va vakolatni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq mojaroga aralashgani Trampni darg‘azab qilgan.

The Hill nashriga ko‘ra, AQSh davlat departamenti xususiy uchoqlardan foydalanish, giyohvandlik moddalari iste’moli, energetika va qurilish kompaniyalari bilan aloqalar va noqonuniy ravishda sovg‘a olish kabi ayblovlar bo‘yicha Kimberli Gilfoylga nisbatan tekshiruv boshlagan.

AQSh Kongressi Vakillari palatasi a’zosi Gregori Miks elchining lavozimdan ketishi noqonuniy xatti-harakatlari uchun javobgarlikdan ozod etmasligini ta’kidlagan.

«Trampning mulozimi sifatida Gilfoyl boyish uchun xizmat vakolatidan foydalangan bir paytda amerikalik oilalar qimmatchilik sharoitida yashab qolish uchun kurashmoqda. Kongress vaziyat bo‘yicha nazorat o‘rnatishi va ma’muriyatni ham javobgarlikka tortishi kerak», — degan Gregori Miks.

Bir muddat kichik Donald Tramp bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan Kimberli Gilfoyl o‘tmishda Fox News telekanali boshlovchisi, prokuror kabi vazifalarda ishlagan. Uning korrupsiya bilan bog‘liq ayblov ortidan ishdan ketishi oraliq saylovlarga hozirlik ko‘rayotgan prezident Tramp imijiga soya solishi aytilmoqda.  

Avvalroq Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham bahsli loyihalar sabab xalqaro mojaro markazida qolgan edi. Xususan, The Guardian gazetasi Kushnerning G‘azo sektoridagi tinchlikparvar missiyasi ortida ehtimoliy tijoriy manfaatlar turganini fosh etgan, Trampning kuyovi Yaqin Sharq diplomatiyasini tijoriy manfaatlarga qorishtirib yuborgani haqida yozgan edi.

Tramp 2025 yilda Qatar amiridan 400 million dollarlik «uchar qasr» — Boeing 747-8 samolyotini sovg‘a sifatida olgani ham Amerika jamiyatida bahslarga sabab bo‘lgani ma’lum.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring