Ukraina: urushning boshlanish vaqtini to‘g‘ri topgan ekspert bu gal uning yakunini bashorat qildi
Ukraina prezidenti devoni boshlig‘ining maslahatchisi, harbiy ekspert Aleksey Arestovich taniqli jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida mamlakatda davom etayotgan urush qachon yakunlanishi borasida taxminini ilgari surdi.
Arestovich voqealar ikki xil ssenariyda rivojlanishi mumkin deb hisoblaydi. Agar Ukraina hamda Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanib tomonlar o‘zaro bir to‘xtamga kela olsa, harbiy harakatlar ikki haftada yakunlanadi. Ushbu muddatda Rossiya Ukrainadan qo‘shinini olib chiqib ketadi. A.Arestovich hozirga qadar rus harbiylari Kreml qo‘ygan vazifani bajara olmagani va mag‘lubiyatga yaqin turganini qayd etgan.
Ikkinchi taxminga ko‘ra, Rossiya barcha zaxiralarini ishga solib yana bir bor shiddatli hujum uyushtirishga urinib ko‘radi. Arestovichning ishonishicha, Ukraina keskin qarshilik ko‘rsatadi va Moskva pirovardida baribir sulhga ko‘nishga majbur bo‘ladi. Bu vaziyatda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va qo‘shinni olib chiqib ketish jarayoni joriy yil aprel oyi oxirigacha cho‘ziladi deb hisoblaydi u.
Xabaringiz bor, Rossiya 24 fevral kuni Ukraina hududiga qo‘shin tortib kirdi. Avvalroq G‘arb razvedka xizmatlari Ukraina 3 kun ichida mag‘lub bo‘lishi va Kiyev ruslar tomonidan egallanishini bashorat qilgan edi.
Ammo bu faraz tasdig‘ini topmadi. 28 fevraldan buyon esa Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh borasida muzokaralar davom etmoqda.
Kuni kecha The Financial Times nashri Rossiya va Ukraina urushga barham berishi mumkin bo‘lgan reja ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, kelishuv loyihasi o‘n besh bandni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, harbiy ekspert Aleksey Arestovich 2019 yili bergan intervyusida Rossiya 2021 yoki 2022 yilda Ukrainaga qarshi urush boshlashini bashorat qilgan edi.
E’tiborga molik jihati, mutaxassis rus harbiylari Qrim va Belarus orqali kirishi, Kiyev qamal qilinishi, mamlakat raketa zarbalariga uchrashi kabi tafsilotlargacha aniq bayon qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter