O‘zbekiston fuqarolari Zelenskiyning «qora ro‘yxati»ga tushdi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2023 yil 23 noyabrdagi farmoni bilan yuzlab jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiya joriy etdi.
Kiyev «qora ro‘yxati»ga kiritilgan shaxslar orasida O‘zbekiston fuqarolari, er-xotin Shohrux Nosirxo‘jayev (1980 yilda tug‘ilgan) va Nasiba Narziyeva (1984 yilda tug‘ilgan) ham bor.
Ma’lumotlarga qaraganda, Nasiba Narziyeva Namanganda tug‘ilgan milliarder Alisher Usmonovning jiyanidir. Shohrux Nosirxo‘jayev esa A.Usmonov asos solgan «Metalloinvest» guruhiga tegishli «Hamriyah Steel» po‘lat zavodining bosh direktori canaladi.
Ukraina rahbariyati, shuningdek, O‘zbekistondagi «Ohangaronsement» AJ va «Akkermann Cement CA» shirkatiga ham sanksiya joriy qilgan.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil boshida «Ohangaronsement» AJning 98,6 foizlik ulushi «Akkermann Cement CA» ixtiyoriga o‘tgan edi.
Kiyev joriy etgan sanksiyalar aktivlarni muzlatish, mol-mulk tasarrufini taqiqlash, savdo va qimmatli qog‘ozlar amaliyotlarini man etish kabi choralarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 12 aprel kuni AQSh ham «Ohangaronsement» AJ va «Akkermann Cement CA» MChJga sanksiya joriy qilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter