Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiyning yaqin safdoshi raqibga aylandi

Zelenskiyning yaqin safdoshi raqibga aylandi

Foto: President.gov.ua

Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, ayni paytda Buyuk Britaniyada elchi vazifasida faoliyat yuritayotgan Valeriy Zalujniy mamlakat prezidentligi uchun saylovda o‘z nomzodini qo‘yadi. U amaldagi prezident Vladimir Zelenskiyning asosiy raqibi bo‘lishi kutilmoqda.

“Ukrainskaya pravda” nashri yozishicha, Valeriy Zalujniy joriy yil iyun oyi o‘rtalarida Kiyevga chaqirilgan. Prezident Vladimir Zelenskiy u bilan avvalo Britaniyadagi vaziyat xususida suhbatlashgan.

Suhbat davomida Zelenskiy prezidentlik saylovidan ham gap ochgan va Zalujniydan agar kuz oylarida saylov o‘tkazilgudek bo‘lsa, nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligini so‘ragan.

Zalujniy saylovda qatnashish niyatida ekanini tasdiqlagan. Avval siyosiy kareraga intilmagani, ammo ko‘plab insonlar unga umid bog‘layotgani sabab bildirilgan ishonchni e’tiborsiz qoldira olmasligini qayd etgan.

Zelenskiy Zalujniyga har qanday davlat lavozimini taklif etishga tayyor bo‘lgan, ammo “Ha, saylovda qatnashaman” degan javobdan keyin niyatidan voz kechgan.

“Ukrainskaya pravda” nashriga ko‘ra, Zelenskiy hamda uning ma’muriyati Zalujniyni saylovda qatnashmaslikka ko‘ndirishga uringan.

Kiyevda Zalujniy bilan prezidentning ikki vakili – Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Oliy Radadagi prezident fraksiyasi rahbari David Araxamiya ham uchrashgan. Ular Zelenskiyning jamiyatdagi ehtimoliy bo‘linish haqidagi dalillarini takrorlab, Zalujniydan saylov borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirishni so‘raganlar. Ammo Zalujniy niyatida sobit ekanini ta’kidlagan. Umerov va Araxamiya xayrlashayotganda ham Zalujniydan yana bir bor o‘ylab ko‘rishni iltimos qilishgan.

General Valeriy Zalujniy 2021-yilning iyul oyida, Rossiya bosqinidan yarim yil oldin Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni etib tayinlangan edi. O‘shanda shaxsan Zelenskiy tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu tayinlov ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lgan edi.

Rossiyaning 2022-yil 24-fevraldagi hujumidan keyin Zalujniy milliy qahramonga aylandi: uning qo‘mondonligida Kiyev va Ukrainaning ko‘plab shaharlari rus bosqinidan himoyalanishga muvaffaq bo‘ldi.

Ukraina qo‘shini mudofaadan muvaffaqiyatli qarshi hujumga o‘tib, Xarkov viloyatini ozod qilgach, Zalujniy nomi shijoat va qat’iyat ramziga aylandi.

Biroq 2024-yilning fevralida Zelenskiy Ukraina armiyasi rahbariyatini yangilash vaqti kelganini aytib, “temir general”ni lavozimidan bo‘shatdi.

O‘shanda Zelenskiy o‘z safdoshining xalq orasida obro‘-e’tibori oshib borayotganidan xavotirlangan holda ishdan bo‘shatgani haqida ovoza tarqalgandi.

Iste’fodan keyin Zalujniy Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlandi va u hozirgacha ushbu vazifani bajarib kelmoqda.

Ukrainaning eng ishonchli ittifoqchilaridan biri bo‘lmish Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlangan Zalujniy o‘z obro‘-e’tiborini saqlab qolmoqda.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, Xarkov shahri meri Igor Terexov, Ukraina uchuvchisiz kuchlar tizimi komandiri Robert Brovdi kabi harbiy va siyosiy arboblarning ham reytingi yuqori.

Yana bir yosh general – Ukraina mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasining sobiq rahbari, hozirda prezident ofisi rahbari Kirill Budanovning ham nufuzi baland.

Hozircha ularning birortasi prezidentlik saylovida qatnashish istagini bildirganicha yo‘q.  

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil mart oyida bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan Ukraina prezidentlik saylovi amaldagi harbiy holat tufayli noma’lum muddatga qoldirilgan.

Kreml prezidentlik saylovi sabab Ukraina rahbariyatining legitimligiga e’tiroz bildirmoqda.

AQSh ham Ukrainaga saylov o‘tkazish borasida bosim o‘tkazayotgani ma’lum. Hatto 2025-yilda prezident Donald Tramp saylov o‘tkazmayotgani vajidan Zelenskiyni “diktator” deb atagan edi.

Joriy yil fevralda Financial Times nashri may oyida Ukrainada prezidentlik saylovi va tinchlik kelishuvi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida xabar berdi.

Biroq Zelenskiy bu xabarga javoban, har qanday ovoz berishni tashkil etishdan avval xavfsizlikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Zelenskiy prezidentlik saylovida nomzodini qo‘yishni inkor etmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring