Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBning hangomachi xodimlari. Ular bozorlarda qaysi mantiq asosida ish olib borishmoqda?

IIBning hangomachi xodimlari. Ular bozorlarda qaysi mantiq asosida ish olib borishmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Bugun O‘zbekistonga investitsiya kiritish masalasi qayta-qayta tilga olinayotgan bir paytda qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz chet ellarda ishlab ancha-muncha valyuta kiritayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Mamlakatimiz bank tizimini isloh qilish borasida valyuta ayirboshlash tizimi ham erkinlashdi.

Hozir yurtimizdagi istalgan bankka kirsangiz hech qanday muammosiz xorijiy valyutani milliy so‘mimizga naqdlashtirish mumkin. Buning natijasida xalq orasida «qora bozor» nomini olgan noqonuniy valyuta oldi-sotdisiga chek qo‘yildi. Valyutafurushlar esa yo‘lini topa olmay qoldi.

Chindan ham shundaymi?..

Yaqinda Chilonzor buyum bozoriga kiraverishda ichki ishlar xodimi yonida turib olib «Dollar olamiz, sotamiz» deb jar solayotgan yigitlarni ko‘rib ochig‘i ajablandim. Nima bu boradagi islohotlar bu bozorga yetib kelmaganmi?! Yoki o‘sha huquq posbonining o‘zgarishlardan xabari yo‘qmi?! Hamma joyda valyutafurushlar qo‘lga olinayotgan bir vaqtda ushbu manzarani qanday izohlash mumkin?! Avvalku bunaqa mantiqsizlik juda rivojlangan edi.

Televizorda bot-bot noqonuniy dollar savdosi bilan shug‘ullanganlarning uncha-munchasi qo‘lga tushirilib, «hammasi davlat nazoratida bo‘ladi, shunday noqonuniy oldi-berdi bilan shug‘ullanganlar ushlansa barcha valyutasi musodara qilinadi» kabi kadrlarni ko‘ryapmiz (korrupsiya haqidagi roliklar ham bisyor). Ammo bozorlarga (Chilonzor, Chorsu bozori va h.k.) kiraverishdagi «dollarchi»larga bu choralar chivin chaqqanchalik ta’sir qilmagan ko‘rinadi.

Xususan, Chorsu bozori ichida joylashgan metro bekatining chiqish joyida bir emas ikki nafar chiki ishlar xodimi odamlarning kirdi-chiqdisiga shu qadar berilganki, bir metr narida ovozini baxshilarday cho‘zib, «dollar olamiz» deb charchamayotganlarga ahamiyat qilmayapti. Yoki, ular bilan pichir-pichir qilib gurunglashishlariga kulishniyam, kuyunishniyam va nima izoh berishniyam bilmay hayron bo‘lasan kishi...

Ushbu holat yuzasidan Chilonzor bozorida uchragan ichki ishlar xodimidan izoh so‘raganimizda, qisqa qilib: «Formadaman-da, bo‘lmasa uzun bir hangoma aytib berardim», deya javob qildi.

Shu o‘rinda qilinayotgan targ‘ibotlar aksi bo‘lgan amaldagi holat bo‘yicha qonunlarimizni buzilishida ichki ishlar xodimlari ham «o‘z hissasini qo‘shayotgani»ga va loqaydligiga qanday izoh berish mumkin?!

Valyutafurushlar (sarroflar) haqida jamoat fikri turlicha. Kimdir ularning faoliyatini oqlasa, yana kimdir qoraladi.

Ayrimlar esa bozorda qanchadan-qancha odam noqonuniy savdo qilayogani, ularga ham tegishli tartibda chora ko‘rilishi lozimligi haqida fikr bildirishdi.

Yaqinda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining korrupsiyaga qarshi murojaati e’lon qilindi. Ehtimol undan ruhlangan holda, ma’lum manfaat evaziga ana shunday noqonuniy faoliyatlarni «ko‘rmay qolayotgan» ichki ishlar xodimlariga qarshi jiddiy chora ko‘rilsa, poraxo‘rlikka qarshimiz deb murojaat qilinsa...

Qonun himoyachilarining o‘zi qonunni buzib tursa oddiy xalq dardini kimga aytadi?!

Abduqodir Mo‘minov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring