Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Бобур Наби

Zamon tinch, lekin ko‘chada yurish juda xavfli

Zamon tinch, lekin ko‘chada yurish juda xavfli

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, deb duo qiladi kattalarimiz. Tinch zamonda hech nimadan qo‘rqmay, bemalol, emin-erkin yurasan, birov mushugingni pisht demaydi, bolalaring ko‘chada o‘ynab yuradi, maktab-bog‘chaga borib-keladi...

Stop! Tinch zamonda aslida yuqoridagi holat bo‘lishi kerak. Ammo Namanganning Kosonsoyidagi avtohalokat jamoatchilikni oyoqqa turg‘azdi. Mashina tagida majaqlangan o‘sha bola ham shu tinch zamonda maktabga qatnardi. Ota-onasi hech nimadan xavotir olmay, bolam katta bo‘lib qoldi-ku, deb o‘z ishlari bilan andarmon yurardi...

Axir ular bilmagan-da, 14 yoshli o‘g‘lini mashina mingan boshqa 14 yoshli bola (rostdanam bola u) o‘ldirib ketishini. Axir ular bilmagan, 14 yoshli bolaga shalog‘i chiqqan mashina boshqaruvini berib qo‘yadigan otalar borligini. Axir ular bilmagan, odam urib ketsayam suvdan quruq chiqadigan olg‘irlar mavjudliginiyu hatto avtomatlashtirilgan tizim ham inson omili oldida ojiz qolishini...

Muammoning ildizi yana ta’lim va tarbiyaga, keyin esa ichki ishlar tizimiga borib taqaladi. Har ikkala soha ham korrupsiya botqog‘iga botgan. O‘qituvchi o‘qitaman desa, o‘quvchi shantaj qiladi, o‘qimagan o‘quvchi esa odamlarni «o‘ldiradi». Ichki ishlar tizimida oddiy kirakash fildek jarimaga tortiladi, «Malibu» mingan kattakonlar pashshadek jarimani to‘lamasdan, tanishlarini ishga soladi.

Maktablar oldida tezlikni oshirish taqiqlanishini hammamiz bilamiz, ammo deyarli hech kim amal qilmaydi. Hatto piyodalar o‘tish yo‘lagida tezlikni pasaytirib, keyin to‘xtaydigan haydovchilar yo‘q hisobi. Katta odamlar, bolalarni-ku qo‘ying, yo‘ldan hayiqib, qo‘rqib, yuragini hovuchlab o‘tadi. Boshqa biror chet davlatida aslo bundaymas!

Nega shunaqa? Chunki jazo yengil, haydovchi zar yo zo‘r bilan bemalol qutulib ketishiga ko‘zi yetadi yoxud ichki yo‘llarda kuzatuv kameralari yo YPX xodimlari yo‘qligini juda yaxshi biladi. Toshkent markaziy ko‘chalaridaki dahshatli avariyalar bo‘lyaptimi, demak, nazorat deyarli o‘rnatilmagan viloyat markazlari, ichki yo‘llari, qishloqlardagi (Kosonsoydagi holat) hodisalardan kim qo‘rqadi?! Qishloqdagilar qoidani buzsa, ularni kim jazolaydi, qoida buzganini kim bilib o‘tiribdi? Demak...

Bularning bari zanjir: nega ular qoidani buzib yurishni yoqtiradi? Chunki madaniyat va tarbiya yo‘q. Haydovchilik guvohnomasini sotib olgan, imtihondan pul berib o‘tgan. Bularga isboting bormi, deb o‘zingizni ovutmay qo‘ya qoling. Tanishingizdan so‘rang-chi, «prava»ni qanday olgan ekan: o‘z kuchi bilanmi yoki zar yo zo‘ri bilanmi? Demak, o‘qimasdan turib, bir parcha hujjatga qiynalmay erishgan ekan, boshqa qoidalar unga «gitara».

Ko‘ryapsizmi, bir-biriga bog‘langan hammasi? Oilada quloqsiz, maktabda bezori, ko‘chada «ko‘cha», «prava»ni sotib olgan, ota-onasini o‘ylamaydi. Nima qilish kerak unda? Rosti, bilmayman! Nimadir qilish uchun juda kech qoldik, deb o‘ylayman. Butun boshli tizimni boshqatdan qurish kerakdir balki, hayronman.

Chet elda, masalan, Yevropa Ittifoqi markazi Belgiyada yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazo va jarimalarni qarang:

  • Aholi yashaydigan va maktab hududlarida 30 km/s cheklov bor, agar tezlik:
    - 10 km/s oshirilsa, 53 yevro (taxminan 636 ming so‘m);
    - 11 km/s.dan boshlab 53 yevro va oshgan har bir kilometriga 11 yevrodan qo‘shiladi, 8 kundan 5 yilgacha mashina haydash huquqidan ayriladi yoki 4 ming yevro (taxminan 50 mln. so‘m) jarima to‘laydi.
  • Qizil chiroqda o‘tish uchun jarima 174 yevrodan boshlanadi yoki haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi.
  • Sariq chiroqda o‘tish uchun jarima 116 yevrodan boshlanadi (mana bunisini qarang!).
  • Uzluksiz uzun chiziqni bosish: 174 yevrodan boshlanadi.
  • To‘xtash qoidasini buzish: 58 yevrodan.
  • Yo‘l bermaslik: 116 yevrodan boshlanadi, 8 kundan 5 yilgacha mashina haydash huquqidan mahrum qilish.
  • Xavfsizlik kamarini taqmasdan haydash: 116 yevrodan.
  • Telefonda gaplashish: 116 yevrodan.
  • Spirtli ichimlik ta’sirida mashina haydash: 179 yevro jarima yoki 3 soatga mashina haydamaslik jazosidan boshlanadi. Eng yuqori jarima 1200 yevro, prokuror aralashsa, 16 ming yevrogacha jarima yoki 8 kundan 5 yilgacha mashina haydash huquqidan mahrum qilish.
  • Narkotik ta’sirida haydash: 15 sutka qamoq, prokuror aralashsa, 40 ming yevrogacha jarima yoki 3 oydan 5 yilgacha mashina haydash huquqidan mahrum qilish.

Ana shunaqa gaplar. Belgiyada bir hafta yurib kelgan odam sifatida aytamanki, u yerda inson qadri bor. Hukumat yo davlat darajasida emas, haydovchi va piyoda o‘rtasida. Birov signal chalmaydi, tezroq o‘tmaysanmi, deb bo‘kirmaydi, madaniyat bilan o‘zaro hurmatni saqlashadi. 

Biz ham qachondir shu darajaga yetamiz, albatta. Ammo buning uchun endi kamida bitta avlod almashishi kerak bo‘ladi.

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети