Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×

Мустаҳкам Тангриёрова

Оққан дарё оқаверади. 

Shohsupada turgan qiz (video)

Vatan haqida qo‘shiq yoki Diyoraga maktub...

O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi...

Shohsupada turib sen yig‘larding. Pastdarg‘omda onang ko‘zlari yoshlandi. Dadang namlangan ko‘zlarini qayerga yashirishni bilmasdi. Buving o‘rnidan turib ketdi. Bobong shukrona keltirdi. Xorazmda qaynona-qaynotang yelkasidan tog‘ qulagandek bo‘ldi. Toshkentda turmush o‘rtog‘ing qiyqirardi: «Chempion! Chempion!»

Bu kayfiyat birin-birin O‘zbekistonning barcha xonadonlariga ulashib boraverar edi. Yarim tunda, butun mamlakatga bayram ulashding, qizgina. Prezidentning o‘zi seni shaxsan tabriklagani esa muxlislaring ko‘nglini ham tog‘dek o‘stirdi...

Ertalabdan Past darg‘omga yo‘l oldim.

Po‘latchi mahallasida kirib borar ekanman, sen tug‘ilib o‘sgan hovlining darvozasi lang ochiq. Ichkari to‘la mehmon. Ayollar o‘tirgan peshayvonga taklif qilishdi. Buving 67 yoshli Mukarram aya, oddiy qishloq ayoli, sportni uncha-buncha mutaxassisdan kam tushunmasligini angladim.

«Bu kecha uxlamadim desam ham bo‘ladi. O‘zi bir oydan beri durust uxlamayman. Tikan ustida turganday-da. So‘ngi nima bo‘larkan deb. Chunki, qishda Anqarada kurashganda 1000 ochko bilan g‘olib bo‘ldi-da, Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Olimpiada iyul oyida bo‘ladi, duo qilinglar dedi. Katta ota ikkimiz duo qilamiz».

Duolari ijobat topgan buvijon-a, «Motivatsiya berib turdik» deydi hech bir xatosiz talaffuz bilan. Keyin tug‘ilganingda 2 kilo ham chiqmaganingni, nimjon qizaloq quvvat olishi uchun rahmatli Gulsara buving seni sportga olib borganini, zaldan qo‘ling sinib qaytganingda, oilada «endi bormaydi-boradi» bahsini, Tokiodagi mag‘lubiyatdan keyingi tushkunlikni, seni turmushga uzatganlariga ikki yil bo‘layotsa ham hamon sovchi kelayotganini, hammasini shunaqangi chiroyli qilib gapirib berdiki... Sen nega ertaroq chempion bo‘lmading-a, men bu ayol bilan nega avvalroq suhbatdosh bo‘lmadim-a, deb afsuslandim shu joyida.

Bu yerda, sening Parij olimpiadasi dyuzdo bo‘yicha chempioni Diyora Keldiyorova bo‘lishingda hissasi eng katta bo‘lgan Gulsara buvingni ko‘p eslashdi. «General» deyisharkan qishloqda. Bog‘cha yoshidagi ikki nabirasiga qo‘shib qishloqdagi yana 5 nafar qizaloqni sport zaliga yetaklab olib borgan ekan.

«U paytlari mashg‘ulot qiladigan joy parkda edi, pataloklari egilgan, pollari teshilib, cho‘kib yotardi. Birinchi ustozi Xurshida Xoliqova bo‘lgan. Rahmatlik «general» qudam «Nasib bo‘lsa nevaramni chempion qilib berasan, ey Xurshida» der edi».

Birinchi ustozing Parij Olimpiadasi maydonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya vaqtida ota-onang yonida bo‘libdi. Tuman hokimi, boshqa muxlislaring ham.

Buvingni hikoyasini mazza qilib eshitdimu, faqat onangni oldimizga kelib birpas o‘tirishga vaqti yo‘q edi. Ayvonning uzun stol qo‘yilgan qismida dasturxonni yangitdan tuzatishyapti. «Opa, anavi qayerda?», «Dilorom, bu yoqqa qara?», «Ichkariga ham joy qilamizmi?»

Oxiri, o‘zingning xos muzeychangni ko‘rish bahonasida ichkariga kirgizdim. Dilorom meni hayron qoldirib, sport sharhlovchisi kabi terminlar bilan tushuntira ketdi: «2015 yilda birinchi marta jahon chempioni bo‘ldi. Bosniya va Gersegovinada. Oltin medal oldi, shunda ham tarixda rekord qo‘ygandi. Pandemiya davrida Tokiodagi Olimpiadada yutqazib qo‘ydi. Mana shu kechagi Abega yutqazdi. Abe Yuta yaponiyalik. Yaponiya esa dyuzdo vatani. Abe 4 yildan buyon birinchilikda kelayotgan edi. Kelib-kelib bu gal ham qur’ada shu raqib chiqdi. Nima bo‘lar ekan deb yuragimizni hovuchlab turgan edik. Boshida Abe vazari oldi, endi nima bo‘larkan deb turgandik. Xudo qo‘llab-quvvatladi, Diyora shunday ippon bilan yiqitdi-da...».

Mikrofonlardan o‘zini olib qochadigan kamgap, kamtar dadang esa oddiy suhbatda zo‘r gaplarni gapirdi: «Asli qashqadaryolikmiz. Otam rahmatlik futbolga, chavandozlikka qiziqardi. Butun qishloq «general» deb aytadigan onam esa kurashni yaxshi ko‘rardi. 6 yoshli Diyora va 4 yoshli Gulnisani sport zaliga olib borganlarida ularni sog‘lomlashtirishdan boshqasini o‘ylamagandik boshida. O‘zi qiziqib ketib, hammani yiqitaverganda onam Diyoraga «Sen chempion bo‘lasan» deb miyasiga qo‘yaverdi. Men oltinni, mukofotlarni o‘ylamadimu, faqat Olimpiadada yurtimiz madhiyasi yangrasin. O‘zbekistonning bayrog‘i ko‘tarilsin, dedim».

Madhiya yangradi! Bir necha lahza ko‘zingni yumganingda, so‘ng ko‘zlaringdan yosh tirqirab oqqanda, labingni mahkam tishlab olganingda nimalarni o‘ylading, Diyora? Yig‘layotgan bitta sen emas eding, ko‘plarni yig‘latding, Vatan qo‘shig‘i yangrayotganda millionlar qalbidagi Ona yurt tuyg‘ularini junbushga keltirganing rost. Ijtimoiy tarmoqlarda yoyilgan lavhalar ostidagi minglab izohlarni hammasini o‘qishga ulgurmagan bo‘lsang kerak.

Sardor Usmonov: «Men ham yig‘ladim. O‘zimizni bayrog‘imizni kim yuqoriga ko‘tarsa ichimda nimadir jimirlab ketadi, ko‘nglim bo‘shab ko‘zimga yosh keladi, quvonch ko‘z yoshlari...». Bobo ismli kuzatuvchi: «Men Kanadadaman. Diyorani kurashini shu yerda turib ko‘rdim. Gapning ochig‘i, u shohsupaga ko‘tarilganda, madhiyamiz yangraganda yig‘lab yubordim. Diyora, singiljonim g‘alaba muborak!». Ismi kodlarda ifodalangan foydalanuvchi: «Tabriklayman. Mening farzandlarim ham O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib, xalqninng duosini olib yurishsin».

 ***

2021 yil, 26 avgust. Hayraton ko‘prigi. Afg‘onistonga Tolibon hukumati qudratga kelganiga hali ko‘p bo‘lmagan. Chegaraga ijodiy guruh bilan reportaj tayyorlash maqsadida kelganmiz. Afg‘onistonni gurra-gurra odam tark etayapti. Burqada kelib, O‘zbekiston ostonasidayoq burqasini yechib tashlagan ayollar, uzun ko‘ylakdagi erkaklar, biroz yurib, biroz dam olib yo‘lida davom etayotgan qariyalar, bojxona itlariga ishqiboz bolajonlar...

Uch qizaloqni ergashtirgan oila, yaqin kunlarda boshqa bir mamlakatga uchib ketish uchun parvoz chiptalari tayyor ekanini aytdi. «Mana shu qizlarim kelajagini o‘ylab chiqib ketayapmiz» dedi ona. Dadalari qaysidir hujjatni rasmiylashtirish uchun borib navbatda turar ekan, 8 yoshli egizak qizlar, ulardan kichikroq singillari onalari oldidan uzoqlashmaydi. Fotima sportga, Zahro san’atga qiziqarkan. Shu paytgacha ular maxsus to‘garagaklarga qatnashib kelgan. «Buyog‘i endi qattiq ta’qiq!» tushuntirgan bo‘ladi ayol.

«O‘zbekistondagi ayollarga havasim keladi, Mana shu gapimni ularga yetkazing, iltimos».

Men bu gaplarni nega yozayapman? Shukur, bizda ayollar sporti yoki san’ati, hokazolar hech qachon rasman ta’qiqlanmaydi. Lekin, yashirib nima qildik, xotin-qizlarimiz ruhiy bosimlardan hamon qutulgani yo‘q. Kamiga, gohida shaxsiy chegara hududi unutib qo‘yilgan joylarimiz bo‘ladi. Mahallaning narigi burchagida turib, falonchining qizi qaysi sport turi bilan shug‘ullanayotgani, nima kiyayotgani, musobaqaga qayerga borayotganiga xo‘jayinlik qilishga o‘zlarini haqli deydiganlar bor.

Diyora, sen bugun Olimpiada chempioni bo‘lolmas eding, agar... Dadang ko‘chada eshitgan «nasihatlar»iga amal qilib yo‘lingni to‘sganda. Onang falonchixonning «sportchi qizingni kimga berasan?» degan kesatiqiga e’tibor berganida. «Ko‘cha-kuyda gap-so‘z kam bo‘lmadi. Qiz bola kurashga trikoda chiqsa shu yaxshi emas, uyat bo‘ladi, degan gaplarni o‘zigayam aytdi, bizlarga ham aytdi. Tushunmagan odamlar ham bor-da», dedi Mukarram buving.

Onang qizlari uchun gap eshitgan kunlarini shunday esladi: «E-e-e, qiz bola sportchi bo‘lganda nima bo‘lardi, qishloq joyi bo‘lsa, chiqarib ol...» deyishgan. Endi esa Diyora ularning bolalariga murabbiylik qilishini so‘rashmoqda...»

Qizi haqida kimdandir dakki eshitish, ayniqsa otaga oson emas. Dadangga ham gapirishgan ekan... «Qiz bola chevar, hamshira bo‘lsa, pishiriqlar pishirsa yarashadi», deyishgan ekan erkaklar. Ammo, hozirda ularning fikri multaq o‘zgargan, deyishdi. «Olimpiadaga borganida ular ham bizga qo‘shilib duoda bo‘ldilar, bor bo‘lishsin!».

Gapirganlar og‘ziga urgan, ota-onangga qizining yo‘li to‘g‘ri ekanini uqtirib bilgan Gulsara buvingni, «general» buvingni Alloh rahmat qilsin!

***

Diyora, xabaring bor, hamma gap qolib g‘alaba senga olib keladigan daromad bilan qiziqqanlar ham topildi. Nimaga erishsang, haloling bo‘lsin! Yanada to‘kin hayoting boshlanayotgan bir paytda, seni shu darajaga keltirguncha oilangdagi hayot haqida yozsam og‘rinmaysanmi? Zero, bu xatni minglar o‘qiydi. Qaysidir ma’lumot kimgadir dalda bo‘lsa, kimgadir saboq bo‘lsa, ne ajab.

Matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda oddiy oila qizi ekaning ko‘p bora takrorlandi. Oddiy oila farzandi bo‘lishning o‘ziga yarasha jihatlari bor. 7 yoshda Toshkentda musobaqada g‘olib bo‘lganingdagi suratni boshqa suratlaring qatori avaylashar ekan. Unda sen shohsupada, oyog‘ingda kattagina rezina shippak. Mukarram buving «keyin-keyin shu suratga qarab yig‘laydigan bo‘ldim», deydi.

Dadang bolalikda faqat zalda va maktabda emas, bug‘doyzorda, bozorda ham o‘z o‘rning bo‘lganini eslatadi: «Ertalabdan, azon aytilmasdan soat 4 da hammamiz turardik. Molni yetaklab ketardi. 6-7 gacha shu ishni qilardi. Keyin dars, keyin yana sport. Keladi yana uyqu yo‘q. Bozor. Bozorda yelim paket sotadi. Bu tomonda singlisi ham sotardi. Bug‘doy o‘rib bo‘linganda, hammamiz birgalikda somonni to‘dalab sotardik».

Ota-onanggga ming rahmat! Sizlarni mehnatga solgan bo‘lsa ham birgalikda topilgan daromad o‘zlaringizni rivojlantirishga sarflandi. Hozir ta’til vaqtida qator korxonalarda maktab bolalari ishlayapti. Ularning orasidan, shu bilan maktabga bormay, korxonada qolib ketadiganlari chiqishi bor. 15 yoshli qizining maoshiga oltin taqinchoq, latta-putta oldirib sep qildirayotganlar haqida eshitdim...

Sening katta sportga kirishing oldidan xonadonning moliyaviy ahvoli haqida Mukarram buving: «Ochig‘ini aytsam, qarzdan qarzga yurardik, juda katta qarz bo‘lib qolardik. Pul kerak. Mana matga chiqish uchun ham dollar, keyin mana kiyish uchun ham dollar kerak. Ular bunday so‘mga kiymaydi-da. Qo‘chqor, ho‘kiz boqardik... Toshkentda 4 yil o‘qidi, keyin 2 yil magistraturada o‘qidi. Asta-asta gran-prilar bilan xarajatlarni qoplab boradigan bo‘ldi». 17 yoshda sen, jahon chempioni va O‘zbekiston dyuzdo terma jamoasi a’zosi bo‘lgansan. Bolalikda birga mashg‘ulot zaliga borgan singling samboni tanlagan edi. Toshkent jismoniy tarbiya universitetini ikkalang oldinma-keyin bitirgan ekansizlar. «... lekin, singlisi terma jamoagacha borolmadi. U yerda mashg‘ulot o‘tishiga mablag‘ yetmadi. Shu bittasini yo‘naltiraylik, dedik, keyin bunisiga harakat qilamiz dedik».

Ana shunday kechinmalar bilan Toshkentda o‘qitilgan ikki sportchi qiz mana, ikkalangiz-da oldin-keyin havas qilgulik xonadonlarga uzatildingiz ham. 2024 yil biringizni Olimpiya chempionligi bilan, boshqangizni farzand bilan siyladi.

***

Kuyovni Azamatjon deb alqaydi onang. Dadang o‘g‘limiz deganmiz, deydi. Qudalar haqida tillaridan bol tomib gapirishadi, ularga qayta-qayta rahmat deyishadi. To‘yingga ikki yil bo‘libdi. Ota-onang sening kamoling uchun qanchalar mehnatlari singgan bo‘lsa, shu ikki yildagi faoliyatingda kelin bo‘lib tushgan xonadoning a’zolari, kuyovning hissasi bundan kam emas desam xato bo‘lmas. Mentalitet deganining temir qafaslarini sindirib, ular seni yana sport zalga yo‘llashdi, ruhlantirishdi, ota-onang qatorida duo qilishdi.

Diyora, sen g‘alabang bilan nafaqat O‘zbekiston sportida burilish yasading. Odamlarmiz dunyoqarashlarida ham evrilishlar olib kelding.

Parijdan g‘alabang e’lon qilingan videolavha tezkorlik bilan ijtimoiy tarmoqlarni «zabt» etgan paytda, boshqa yoqdan Azamatning Toshkentda televizor oldida turib «chempion, chempion» deb quvonchini ichiga sig‘dirolmagani tasviri yoyildi. Shunda ko‘pchilik eng nufuzli musobaqada nega u Diyoraning oldida emas degan savolni tashlashibdi. 

«Man O‘zbekistonda bo‘lsam ham gaplashib turdik. Baribir oila, bosim bo‘lmasin, chalg‘itmaslik uchun bormadim» deganini eshitib unga yanada hurmatim oshdi. Azamatning o‘zi ham dyuzdochi bo‘lsa-da, karerasini orqaga surib qo‘yib, sen uchun birgalikda ishlabdi, barakalla!

«Mashg‘ulotlarda Diyoraning yonida bo‘lib kamchiliklari, xatolarini to‘g‘rilab, yonida qo‘llab-quvvatlab turardim. Uning mashg‘ulotlaridan keyin, rejani bajargandan keyin o‘zim uchun mashq qilib turdim». Chempion! Maqsadga erishildi. Yutubda turmush o‘rtog‘ing bilan intervyu ostidagi izohlarda qator rahmatlaru, minnatdorliklar qatorida jamiyatimizdagi oilaviy munosabatlardagi og‘riqli nuqtalarga ham ishora qilinganlari bor... «Turmush o‘rtog‘ini podderjkasi g‘oliblikni berdi Diyoraga», «Kelinni qanday qo‘llab- quvvatlashni, ayolini yonida turishni shu oiladan o‘rganishimiz kerak», «Mening kuyovim qizimni podderjka qilmaydi», «Azamat, senga rahmat! Bizga o‘xshab «xotin uyda o‘tir» deganingda bugun o‘zbekistonliklar xursand bo‘lmasdik va boshqalarga qarsak chalib o‘tirardik. Bugun Diyora O‘zbekiston qahramoni bo‘ldi. Kelajakda shirindan shirin o‘g‘il-qizlar tilab qolaman».

Mana dunyoqarashning o‘zgarishi!

Seni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjonu Dog‘iston, Turkiya, Gruziya xalqi vakillari tabrikladi, havas qildi. Aslida ana shunday holatlarda millatlar hamjihatligi shakllanadi.

Kuni kecha Olimpiadada yengil atletikachi Kimiya Yusufiy dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston ichidagi sportchi ayollar Olimpiadaga jalb etilmaganiga qaratdi. U sen va sen kabi chempion qizlarning g‘alabasiga emas, shunchaki yurting Xalqaro Olimpiadaga jo‘natgani uchun havasda. Qiziq, qochqin sifatidagi afg‘on sportchi ayollari g‘olib bo‘lganda, madhiya yangrarmidi? Axir, bugun bu mamlakatning madhiyasi ham yo‘q-ku...

Xalqaro XXXIII sport Olimpiadasida O‘zbekiston madhiyasi sakkiz marta yangradi. Bu sakkizta oltin medal degani. Yana 2 ta kumush va 3 ta bronzaga ham ega bo‘ldik. Tarixiy natija! O‘zbekiston sport delegatsiyasi 206 mamlakat orasida 13-o‘rinni egallab, Parij bilan xayrlashdi. Endi 2028 yilgi Los Anjelesda o‘tajak navbatdagi Olimpiya maydonida yana ko‘p bora O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrashiga, bayrog‘imiz eng baland joydan o‘rin olishiga umid qilamiz. Zero, har bir g‘alaba minglab yurtdoshlarimizga kuch berishini qayta va qayta his qildik.

Mustahkam Tangriyorova

Комментарии

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети