Shpakning magnitofoni, elchining medaloni...
Tik-tokka xotirjam munosabatda edim, toki feysbukda ushbu tarmoq faol reklama qilinib boshlamaguncha. Tasodif dedim.
Keyin o‘g‘lim «Toshkent siti»ga aylanishga borib, bir tiktoker qimmat smartfonni sovringa qo‘yib tadbir o‘tkazayotgani, tadbirda minglab yoshlar zich to‘planib, bir-ikkitasining hatto mazasi qochgani haqida xabar olib keldi (1 oylar avval).
Pandemiya davrida odamlar 100 kishidan ortiq to‘y qila olmayotgan, hamma ijtimoiy masofa saqla deb bong urayotgan, katta-katta tadbirlar, hatto Bookfest xalqaro kitoblar ko‘rgazmasi ham onlayn o‘tkazilayotgan paytda bu tiktokerga shunaqa yig‘ini uchun kim ruxsat berdiykan?
Endi bo‘lsa, tiktokerlar ijtimoiy faol insonlar, yoshlarning kumiri sifatida taqdirlanyapti. Yo‘q, tushunaman, ular ham bor qatlam va ular ham shu forum piari uchun katta xizmat qilishgandir, ya’ni taqdirlanishga haqqi bor. Lekin bu taqdirlov marosimining ko‘lami va unga qaratilayotgan, mening nazarimda, boshqalardan ko‘ra ancha ortiq e’tibor baribir turli fikrlarni tug‘diryapti.
O‘sha gap: Shpakning magnitofoni, elchining medaloni...
Tushunamiz, feysbukda negativ ko‘payib ketdi. Odnoklassniki va Tvitter ham «padarkamas». «Jannatdan xabarlar»ni ko‘radiganlar birdan o‘zlari uchun Yutubni kashf qilishdi. Bizga esa ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishi zaif, vaqtni quruq o‘tkazadigan, negativ kam joy kerak.
Ammo tiktokning qulf-kaliti o‘zimizda emasligini, u yerdagi o‘sha boshqarish oson, o‘rtacha yoshi 13 ni tashkil qiladigan massani, aholining katta qismini kimlarning qo‘liga topshirib qo‘yayotganimizni o‘ylab ko‘rdinglarmi?
O‘sha gap: ideologiya kerak, birlashtiruvchi umumiy g‘oya. U g‘oya ezgulikka xizmat qiluvchi, o‘stiruvchi bo‘lishi va hamma uchun maqbul va umumiy maqsadga muvofiq bo‘lishi lozim. Odamlar qilayotgan ishlari, berayotgan qurbonlari va shuncha yillik sabri ma’nosini shu g‘oyadan topishlari kerak.
Tik-tok unday g‘oya bo‘la olmaydi!
Hatto chalg‘ituvchi shaqildoq sifatida ham juda zaif instrument.
Men Tik-tokka qarshi emasman, faqat boshqa turdoshlari qatori shunchaki ijtimoiy tarmoq bo‘lib qolsa.
Mayli, xayrlisi bo‘lsin!
P.s. Bular shaxsiy qarashlarim. Adashayotgan bo‘lsam uzr. (Adashayotgan bo‘lay).
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter