Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malaka oshirmagan yuridik shaxs haydovchilari jarima to‘laydi

Malaka oshirmagan yuridik shaxs haydovchilari jarima to‘laydi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasiga («Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi») qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati yonida bo‘lmagan taqdirda jarima to‘lashi belgilandi.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 135-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingani haqida ma’lum qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu moddaga «faqat yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchining malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati» bo‘lmasa jarimaga tortilishi haqidagi o‘zgarish kiritilishi mumkinligi aytilgandi.

Demak bundan anglashiladiki, yo‘l harakati xavfsizligi inspektori hujjatni ko‘zdan kechirishda barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilaridan emas, balki faqat yo‘lovchi va yuk tashishga ixtisoslashgan haydovchilardangina malaka oshirganligi haqida sertifikatni ko‘rsatishni talab qilishi mumkin, deb yozgandi deputat.

So‘ng bu mavzuga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu xabarga o‘z munosabatini bildirgandi.

Uning eslatishicha, 2017-yil 4-sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar 2 yilda bir marta «Avtotest Report» MChJda malaka oshirishi va maxsus sertifikat olishi kerakligi belgilandi.

Ushbu qaror keng jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otdi. Hech qanday asos keltirmasdan, lobbizm suvi bilan qondirilgan bunday qaror xalqda norozilik uyg‘otishi aniq edi-da.

Uzoq muhokamalardan keyin 2018-yil 23-fevraldagi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu qarorga o‘zgarish kiritildi. 2 yilda bir marotaba malaka oshirish talabi o‘z kuchida qoldi, faqat aynan «Avtotest»da o‘qish shart emasligi, kerakli talablarga javob beradigan boshqa avtomaktablarda ham bemalol o‘qish mumkinligi belgilandi. Bir qarashda, monopoliya bekor qilindi.

Agar MJtKga deputat Rasul Kusherbayev aytganiday o‘zgarish kiritilsa, ya’ni malaka oshirmaganligi uchun faqat yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarga jarima belgilansa, bu o‘z-o‘zidan qolgan yuridik shaxslar malaka oshirishga majbur emasligini anglatadi.

«Vazirlar Mahkamasi qarorida «mulkchilik shaklidan qat’i nazar» deb yozilganku, demak, hamma o‘qishi shart emasmi», deyishingiz mumkin. Mayli, yozilsa yozilaversin. Asosiysi, bu qilmishga jarima yo‘qmi, tamom, malaka oshirmaslik hech qanday huquqiy oqibatni keltirib chiqarmaydi. Vazirlar Mahkamasi qarori qonundan ustun bo‘la olmaydi. Qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi. Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday tus olarkin. Deputatlarimiz oxirigacha «turib bera» olishiga umid qilamiz, deb yozgandi bloger.

MJTKning 135-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga qaraganda, oxirigacha «turib bera» olishmagan ko‘rinadi.

Demak, endi:

  • yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaruvchi shaxslar va avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslar 2 yilda 1 marta malaka oshirishlari shart bo‘ldi.

Agar yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari o‘z yonida malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lmasa:

  • ular eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima to‘laydilar. Bu o‘zgarish 2019-yil 4-avgustdan kuchga kiradi. Ayni vaqtda ish haqining eng kam miqdori 202 730 so‘m etib belgilangan.

Haydovchilik guvohnomasi olingan paytdan boshlab 2 yillik davrda javobgarlik belgilanmaydi. Guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga boshqasini berish hollari bundan mustasno.

Moddaga kiritilgan qo‘shichaga ko‘ra:

  • haydovchilarning malakasini oshirish faoliyati bilan istalgan davlat (ro‘yxatdan o‘tkazilgan) va nodavlat (litsenziyaga ega) ta’lim muassasalari (agar belgilangan talablarga javob bera olsa) shug‘ullanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach jarimalar qo‘llanila boshlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring