Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandlik elektromontyorning noqonuniy mayning fermasi fosh bo‘ldi

Samarqandlik elektromontyorning noqonuniy mayning fermasi fosh bo‘ldi

DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida tumanda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida kriptovalyuta ishlab chiqarish maqsadida noqonuniy mayning ferma tashkil qilish holati aniqlandi. 

Tadbirda Qo‘shrabot tumani, Qo‘rg‘on mahallasi, Istiqbol qishlog‘ida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan, tuman elektr tarmoqlari korxonasi elektromontyori bo‘lib ishlab kelayotgan Sh.X.ga tegishli bo‘lgan noturar binoning yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulanganligi tadbir ishtirokchilarida shubha uyg‘otgan.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, mazkur noturar binoda kriptovalyuta ishlab chiqarish uchun noqonuniy mayning ferma tashkil qilingan ekan. Shuningdek, elektr energiyasi tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulanib, o‘rnatilgan transformator punktida katta yuklama mavjudligi hamda sutkasiga juda ko‘p miqdorda elektr energiyasi talon-toroj qilinayotganligi aniqlandi.

Noturar bino ko‘zdan kechirilganda mayning ferma uchun mo‘ljallangan jami 64 dona «Antminer L3 S9» modelli quvvat manbai, 5 dona server qurilmalari hamda 1 dona WI-FI router mavjudligi aniqlanib, ushbu qurilmalar xolislar ishtirokida rasmiylashtirildi.

Ushbu firmada amalga oshirilgan noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi»ga Sh.X. tomonidan yetkazilgan zarar birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 mlrd. so‘mdan ortiq ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring