Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryo va Jizzaxdagi YTHlarda maktab o‘quvchilari halok bo‘lishdi

Surxondaryo va Jizzaxdagi YTHlarda maktab o‘quvchilari halok bo‘lishdi

Surxondaryoda 14 yoshli maktab o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi natijasida o‘zi bilan tengdosh bo‘lgan qarindoshi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, 2022-yil 9-oktyabr kuni soat tungi 1:00 larda Sho‘rchi tumanida «Nexia» rusumli avtomashinani boshqarib ketayotgan voyaga yetmagan bola Yoshg‘ayrat mahallasi hududida boshqaruvni yo‘qotgan va YTH sodir etgan.

Natijada, avtomobilni boshqarib ketayotgan bolaning qarindoshi bo‘lgan yo‘lovchi – 2008 yilda tug‘ilgan bola og‘ir og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sho‘rchi tumanida tegishli idoralar, maktab va mahalla faollari hamda aholi vakillari ishtirokida muhokama bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, M-39 «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘lida «Cobalt» rusumli avtomashina haydovchisi yo‘l chetida to‘xtab turgan traktor tirkamasiga borib urilishi natijasida YTH qayd etilgan va natijada mashinada bo‘lgan maktab o‘quvchisi halok bo‘lgan.

Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori Erkin Ochilovga ko‘ra, voqea joyi sun’iy yoritilgan bo‘lgan. Avtohalokatga esa «haydovchining tajribasizligi va e’tiborsizligi hamda yo‘l harakati qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani sabab» sodir bo‘lgan.

Haydovchi esa tirkamada yorug‘lik qaytaruvchi moslama yo‘qligi sababli tezlikni pasaytirishga ulgurmaganini aytadi.

Xabarda aytilishicha, mashinada hali maktabni tugatmagan, tug‘ilgan kunga ketayotgan to‘rt nafar o‘smir ham bo‘lgan. Hodisa oqibatida uch nafar yo‘lovchi va haydovchi kasalxonaga yotqizilgan.

Jarohatlanganlardan biri og‘ir ahvolda ekani va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga yotqizilgani aytilmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring