11 yilga «kesilgan»ning «ishi» qayta ko‘rilar endi?
Hayit arafasida ikki hodisa odamni sevintirdi: biri — qamoqdagilarga umumiy kechirim qo‘llandi; ikkinchisi — Yaqin Sharqda sarson yurgan vatandoshlar yurtga qaytarildi!
Davlatimiz siyosati tobora insoniylik tomon yuz burayotgani meni juda shavqlantirdi to‘g‘risi!
Lekin yaqindagina Toshkentda ikki yosh yigit 11 (o‘n bir) yildan qamoqqa hukm qilinganini eslab, yuragim siqilyapti.
Yigitlardan birini taniyman. Muhammadxon Abdurashidov. Ijtimoiy tarmoqda sahifasi bor edi. Biron marta shubhali fikr-mulohazasini ko‘rmaganman. Juda odobli, o‘ta rahmdil, namozxon yigit.
Ota o‘lib, o‘zi yagona boquvchi bo‘lib qolgach, qattiq tirishib, karischani mustaqil o‘rganib, Janubiy Quriyada ishlab yurardi.
Ittifoqo, bir ayol «Feysbuk» tarmog‘i orqali xayrsevar kishilarga umumiy murojaat etib, eri o‘lib boquvchisiz qolgani, bolalari och-yalang‘och ekani haqida yozib, yordam so‘raydi.
Muhammadxon unga rahmi keladi, puli bo‘laturib sassiz qolishga vijdoni qiynaladi va Janubiy Quriyadan unga ma’lum miqdorda pul jo‘natadi.
Beva ayol Suriyadan murojaat qilgan bo‘lib chiqadi!
Bu xabar bizning organlarga yetib keladi va yigit vatanga qaytganidan keyin uni dabdabayu as’asa bilan qo‘lga olishadi.
«Suriyaga terrorchilarga pul o‘tkazish» aybi ustiga yana boshqa – qo‘shnisiga namoz o‘qishni o‘rgatgani, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq tarqalib yotgan ayrim ma’ruzalarni eshittirgani va hokazo «ayb»lar ham tirkalib, 11 yilga kesib yuborishdi!
Keksa ona, yosh xotin va ikki yashar go‘dak yagona qarovchi-boquvchisidan ayrilib qolayotgani... kabi yengillatuvchi holatlar hisobga olinmadi, rahm-shafqat qilinmadi – hukm qattiq chiqdi.
Bugun davlatning o‘zi 156 nafar insonimiz (asosan beva ayollar va bolalar)ni Suriyadan vatanga qaytardi. Balki oralarida bu yigitdan yordam puli olgan o‘sha beva ayol ham bordir.
Prezident yo‘l ochdi, davlat ularga ega chiqdi, har tomonlama yordam berishga harakatlar bo‘lyapti. Shunday bir paytda Muhammadxon Abdurashidov va u kabilarning «jinoiy ishi» qayta ko‘rib chiqilib, xolis huquqiy baho berilishi kerak, deb o‘ylayman.
Shunda adolat qilingan bo‘ladi!
Mantiqan qaraganda ham, endi uning ishida jinoyat belgilari qolmadi, hisob.
Bugun davlat qilayotgan ishni u sal ertaroq qilib qo‘ydi, xolos.
Nurulloh Muhammad RAUFXON, yozuvchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter