BMT inson huquqlari kengashining ma’ruzachisi: O‘zbekistonda oqlov hukmlari soni ortgan

25-sentyabr kuni BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan bilan Xalqaro press-klubda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Diyego Garsiya-Sayan Sudyalar Oliy Kengashining tashkil etilishini O‘zbekistondagi eng dolzarb va esda qolarli voqea bo‘lganini aytib o‘tdi.
Uning aytishicha, jinoyat protsessida oqlov hukmlari sonining ortishi sudyalarning prokuror qarorini e’tirozsiz ma’qullash bilan cheklangan tizimdan uzoqlashayotganidan dalolat beradi. 2016 yili bor-yo‘g‘i oltita oqlov hukmlari qayd etilgan. Bu raqam 2017-yilda 263 tani, 2018-yilda esa 867 tani tashkil qildi. 2019-yilning to‘qqiz oyida 500 dan ortiq kishi oqlangan.

— Yutuqlar ko‘p, ammo bu kamchiliklardan xoli degani emas, — deydi Diyego Garsiya-Sayan. — Sizda hanuz kadrlar yetishmovchiligi mavjud. Mening mamlakatim poytaxtida (Peru, Lima) 7000 ta advokat bor. O‘zbekistonda esa jami 4000 ta advokat bor. Sizda advokat va sudyalarni tayyorlaydigan atigi bitta universitet bor ekan. Menimcha, bu advokat va sudyalarga bo‘lgan talabni qondira olmaydi. Masalan, Chilida aholiga xususiy yuridik kompaniyalar tomonidan bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi, pulni esa davlat to‘lab beradi. Biz hibsda saqlovchi muassasalarga tashrif buyurganimizda, advokatlar uchun barcha sharoitlar yaratilganini ko‘rdik. Shunga qaramay, ayblanuvchilar hibsga olingan vaqtidan kechikmay advokat yollashiga e’tibor qaratilsa ma’qul bo‘lardi.
Janob Garsiya sudlarnining mustaqilligini oshirish borasida ham bir qancha tavsiyalarini berib o‘tdi. Jumladan, u advokatlik kompaniyalarini ko‘paytirish va yuridik yo‘nalishidagi yangi oliy ta’lim muassasalarini ochishni taklif qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter