Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ochiq adliya» dasturi bo‘yicha vazirlik moliyaviy xarajatlari haqida ma’lumot beriladi

«Ochiq adliya» dasturi bo‘yicha vazirlik moliyaviy xarajatlari haqida ma’lumot beriladi

Foto:«Xabar.uz»

Adliya vazirligi faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan «Ochiq adliya» («Open Justice») ijtimoiy dastur tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

«Ochiq adliya» ijtimoiy dasturi ishlab chiqishga qanday omillar sabab bo‘ldi? Dastur loyihasi fuqarolarga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

Video va audio-yozuvga ruxsat beriladi

Adliya vazirligi e’tiborda chetda qolayotgan jihatlar, o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo‘yicha jamoatchilik yordamidan foydalanishga qaror qildi.

Shu maqsadda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beradi. Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat berish tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. O‘z vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingini shakllantirib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol muloqotlar o‘tkaziladi

Bu zamonaviy tajribani qo‘llagan holda vazirlikning «Facebook» tarmog‘idagi «Adliya bilan muloqot» hamda «Huquqiy axborot» telegram kanali har bir chiqayotgan qonun hujjatining  mazmunini sodda,tushunarli tarzda fuqarolarga yetkazib bermoqda.Keng muhokamaga sabab bo‘layotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasi mazmunini ham ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.

Murojaat yuborish osonlashadi

Adliya vazirligi veb-saytida jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlariga yuborilgan o‘z  murojaatlarini  kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda o‘z tasdig‘ini topgan shikoyatlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.

Xodimlar bir-birini nazorat qiladi

Vazirlik o‘z binosidagi xonalarning joylashish strukturasini ham  qayta ko‘rib chiqdi. Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirildi. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin. Sodda qilib aytganda devorlar va eshiklar endi shaffoflikni ta’minlaydi.  Bu usul korrupsiyaviy omillarni ham olini oladi. Hozirda bu tartibdagi xonalardan dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida ham qo‘llanilmoqda.

«Ochiq eshiklar kuni»

Vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishishni istovchilar uchun vazirlik yana bir imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda yiliga kamida 2 marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida, adliya organlari va muassasalarida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari o‘tkaziladi.

Xarajatlar e’lon qilib boriladi

Bundan tashqari Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlikning veb-saytida e’lon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularni bajarilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ladi.

Adliya hisobot beradi

Yana bir muhim yangiliklardan biri  bu adliya organlarining har  yil yakuni bo‘yicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berishidir. Mazkur tashabbus 2018-yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirildi  va – «Adliya hisobot beradi» nomli risola tayyorlanib keng jamoatchilikka taqdim etildi. Endi bu hisobot an’anaviy tarzda har yili taqdim etiladi.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumot 2018 - davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining «Ochiqlik indeksi» bo‘yicha reytingi e’lon qilingan edi. «Ochiqlik indeksi» reytingi 59ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini, qamrab oldi. Ushbu reytingda Adliya vazirligi birinchi o‘rinni egalladi va 88,12 ball oldi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2-o‘rin 75,85 ball hamda Markaziy bank 3-o‘rin 66,75 balloldi.

Hech qaysi idora o‘z xodimlarini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish har doimgidan ham dolzarb bo‘lmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring