Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Poytaxt prokuraturasi ikkita o‘ta og‘ir jinoyat yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi

Poytaxt prokuraturasi ikkita o‘ta og‘ir jinoyat yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi

Xabar qilinganidek, bugun Toshkent shahar prokuraturasida ommaviy axborot vositalari uchun maxsus brifing bo‘lib o‘tdi.  Poytaxt prokuraturasi rahbariyati tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda o‘tgan haftada sodir etilgan bir emas, ikkita o‘ta og‘ir jinoyat (qotillik!) bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

«Atroflicha ma’lumot berildi» dedik, buni biroz nisbiy tushunishingizni so‘rardik. Negaki, endigina fosh etilib, tergovi jadal olib borilayotgan «ish»larning to‘liq «dasturxon» qilinmasligi ma’lum. Chunki, «tergov siri» degan huquqiy me’yor bor. Ayblanuvchi yoki jabrlanuvchining qonuniy manfaatlari, shuningdek, tergovga to‘siq bo‘lishi ehtimolidan kelib chiqib, «ish»ga doir ma’lumotlar doim ham oshkor qilinavermaydi.

Mazkur tadbirda ham har ikki qotillik bo‘yicha qonun izn bergan chegaradan tashqariga chiqilmadiki, insof yuzasidan aytsak, shuning o‘zi katta gap. Zero, o‘ta og‘ir jinoyatlarga doxil masalalar bo‘yicha maxsus matbuot anjumani uyushtirilishi doim kuzatiladigan voqelik emas. Demak, prokuratura organlari ochiqlik, shaffoflik sari ildamlamoqda. Bardavom bo‘lsin...

Tadbir tafsilotlariga o‘tsak.

Avvaliga dizayner Narimon Grigoryan qotilligiga oid ish bo‘yicha ma’lumot berildi. Ma’lumki, taniqli dizaynerning murdasi shu yilning 14 yanvar kuni o‘zi ijarada yashayotgan Yashnobod tumanidagi xonadonda qotillik alomati bilan topilgandi.

Oradan uch kun o‘tib, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 1996 yilda tug‘ilgan shaxs (A.A.) qo‘lga olingani xabar qilindi. Ayni paytda A.A.ga  qasddan odam o‘ldirish jinoyati bo‘yicha ayb e’lon qilingan, shu bois u endi «gumondor» emas, balki  «ayblanuvchi»ga aylangan. Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.A. marhum bilan bir oy avval ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan. Qisqa fursatda dizaynerning o‘ziga to‘q ekanini tushunib yetgan A.A. uni o‘ldirib, pul mablag‘lariga egalik qilishni rejalaydi. Shu maqsadda u 2019 yilning 13 yanvar kuni ertalab, pichoq va bir «baklajka» benzin bilan oldindan qurollanib, N.Grigoryan istiqomat qilayotgan xonadonga keladi. Uyga kirishi hamono dizaynerni bir necha marta pichoqlaydi. Olgan tan jarohati natijasida N.Grigoryan voqea joyida vafot etadi. Shundan so‘ng A.A. xonadonda bo‘lgan 625 AQSh dollari, 2 dona «Iphone» rusumli telefon, 1 dona «Ioos» elektron sigareta chekish moslamasi, 1 dona «Airpods» quloqchini va marhumga tegishli «Captiva» mashinasining kalitini olib, voqea joyidan yashirinadi. Ketar oldidan u o‘zi bilan olib kelgan «baklajka»dagi benzin yoqilg‘isini murdaga sepib, o‘t qo‘yadi. Biroq ob’yektiv sabablarga ko‘ra yong‘in tez fursatda o‘chib, ko‘p talofat yetmaydi. Bu esa jinoyat tez fursatda ochilishiga ma’lum ma’noda imkoniyat yaratadi.

Ayni paytda ayblanuvchi qilimishiga iqror. Dalillar ham yetarli: uning yonidan marhumga tegishli pul, buyumlar va mashina kaliti topilgan.

Xuddi shu kuni (14 yanvar) poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 50 yoshli A.Beliyning murdasi ham o‘z xonadonining oshxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.  O‘sha kuniyoq tuman prokuratrasi tomonidan qasddan odam o‘ldirish jinoyati bo‘yicha ish ochilib, kechiktirib bo‘lmaydigan tergov-tezkor harakatlari o‘tkazishga kirishiladi.

Tergov davomida aniqlanishicha, marhum va qo‘shnisi L.X. (ayol) o‘rtasida anchadan buyon kelishmovchilik yuz berib kelgan. Buning natijasida L.X. va uning shar’iy turmush o‘rtog‘i R.S.  A.Beliyni jismonan yo‘q qilish haqida til biriktiradi. Jinoiy rejani amalga oshirish uchun er-xotin ma’lum haq evaziga bir tanishi orqali uch nafar fuqaroni yollaydi. Shu tariqa yuzaga kelgan jinoiy guruh shu yilning 14 yanvarga o‘tar kechasi A.Beliyni (u bilan birga yashaydigan ikki nafar ijarachining ko‘z o‘ngida!) qo‘l va g‘isht bo‘laklari bilan kaltaklab, so‘ng arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirishadi...

Hozirda jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olinib, ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Har ikki jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. 

...Brifingda ikkala qotillik yuzasidan jurnalistlarning savollariga javob berildi. Marhumlarning shaxsiy hayotiga oid ayrim savollar ochiqlanishi qonunan mumkin emasligi tushuntirilib, qolganlariga bajonidil javob qaytarildi.

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi

Yana bir gap. Brifing jarayonida mezbonlarda biroz hayajon sezildi. Bu tabiiy. O‘ta og‘ir jinoyatlarning nozik nuqtalari ko‘p bo‘ladi. Baski, og‘izdan chiqqan bitta so‘zning noto‘g‘ri talqini kutilmagan muammo tug‘dirishi mumkin. Bu esa mezbonlarga har bitta gapni chertib-chertib aytishga majbur qiladi kishini. Qolaversa, poytaxt prokuraturasi avval o‘tkazgan shunday tadbir katta bahs-munozaraga aylanib, uning aks-sadosi ancha vaqtgacha ommaviy axborot vositalaridan «jaranglab» turgani hali yoddan ko‘tarilgani yo‘q...

Shunga qaramay, hammasi joyida bo‘ldi. Qisqasi, brifingga bosh bo‘lgan Toshkent shahar prokurorining ikki nafar katta yordamchisi (Xurshida Rahmonova, Sevara Saidjonova) zimmasidagi vazifani chakki ado etishmadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring