Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi qonunga imzo chekdi

Prezident yangi qonunga imzo chekdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilindi.

So‘nggi yillarda bemorlar, ularning qarindoshlari va do‘stlari tarafidan tibbiy xodimlarga hujumlari dolzarb muammo bo‘lib kelmoqda, o‘zini kasbiy vazifasini bajarib turgan shifokorlarga zo‘ravonlik o‘tkazish holatlari tez-tez uchrab turadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019–2022-yillarda respublikada 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.

Biroq, amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan.

Bu esa, aybdor shaxslarga nisbatan qilmishga yarasha jazo tayinlanmay qolishiga sabab bo‘layotgan edi.

Ushbu qonun orqali Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 197-7-modda bilan to‘ldirilib, unda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Mazkur qilmish uchun fuqarolarga – 1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha (bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa 2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha (7 baravardan 10 baravargacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq tarzidagi jazo belgilandi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring