Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi maktab-internat direktori ushlandi

Samarqanddagi maktab-internat direktori ushlandi

Foto: «Gazeta.uz»

Kecha, 23-iyul kuni Samarqanddagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bolalar qiynoqqa solinayotgani, kaltaklanayotgani haqida internet nashlarda xabarlar tarqalgandi.

Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha bayonot berdi. Unda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga fuqaro M.Mirzayeva murojaat qilib, o‘z arizasida Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta’lim olayotgan uning farzandi E.Mirzayev va boshqa tarbiyalanuvchilar internatning mansabdor va mas’ullari tomonidan qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazilganligi haqida xabar bergan.

Mazkur holat Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan alohida nazoratiga olingan, shaxsan Samarqand viloyati prokurori tomonidan tekshiruv olib borilgan.

Aniqlanishicha, maktab-internati direktori Shuhrat Sadinov va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, o‘z faoliyatlari davomida maktab-internatining o‘quvchilari — voyaga yetmagan X. (2001-yilda tug‘ilgan), M. (2006) va O‘. (2003)larni maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganliklarini ro‘kach qilgan holda ta’lim-tarbiya davomida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, qiynab, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan. Ushbu holat yuzasidan 23-iyul kuni Samarqand shahar prokurori tomonidan direktor Shuhrat Sadinov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a» bandi, 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat STE byurosining 2018-yil 23-iyuldagi xulosalariga ko‘ra, ariza bergan M.Mirzayevaning farzandi M.ning tanasida qator jarohatlar mavjudligi, ular «Yengil tan jarohatlari» guruhiga kirishi aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat STE byurosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi, tarbiyalanuvchilarning ambulator kartalari bayonnomalar asosida olinib, o‘rganilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan 2018-yil 23-iyulda Samarqand shahar prokurori tomonidan 64-sonli maktab-internati direktori Sh.Sadinov va boshqalarga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi «a» bandi, 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab-internati direktori Sh.Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda.

Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring