Tadbirkor niqobidagi firibgar 112 nafar kishini 3,1 milliard so‘mga chuv tushirdi

Bugun mamlakatimizda ishlayman, qobiliyatimni yuzaga chiqaraman, yurtim farovonligiga o‘z hissamni qo‘shaman, degan inson uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar muhayyo qilingan. Ammo hayotda hamma ham yaratilgan imkoniyatlardan oqilona va samarali foydalanayapti, deb bo‘lmaydi. Buni namanganlik Abror Mansurovning qilmishlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Aytish kerakki, jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining 2013-yil 26-martdagi hukmiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a»-bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdordagi qiymatda buzish) bilan aybdor deb topilib, amnistiya aktiga binoan jazodan ozod qilingan bu kimsa 2 yillik «tanaffus»dan so‘ng yana nafs girdobiga tushib qoldi. Tushgandayam oz muncha emas, Jinoyat kodeksining naq 7 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar bilan o‘z umr daftarini «bezadi».
Gap shundaki, Abror dastlab 2015-yil 5-martda poytaxtimizning Sirg‘ali tumanida «TOSHKENT AVTO AGENT» mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Keyin esa, tadbirkor niqobi ostida firibgarligini Nukus shahridan boshladi.
— Sizga 3 yil davomida yiliga o‘n ikki foiz haq to‘lash sharti bilan «Kobalt» avtomashinasini olib beraman, — deydi u 2015-yil 15 fevral kuni mas’uliyati cheklangan jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga murojaat qilgan fuqaro Shokir Gaipovga. — Faqat mashina narxining o‘ttiz foizini, bir martalik xizmat ko‘rsatish to‘lovi: yo‘l fondi, sug‘urta, notarius va «MRO» orqali rasmiylashtirish xarajatlarini oldindan to‘lashingiz kerak.
Uning asl niyatidan bexabar Sh.Gaipov «TOSHKENT AVTO AGENT» mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan ijara shartnomasini imzolashga rozi bo‘ladi. Natijada xaridor 2015-yil 18-fevral kuni jamiyat hisob raqamiga 27.972.146 so‘m miqdorida pul to‘laydi. Lekin A.Mansurov bergan va’dasini bajarmay, qo‘lga kiritilgan pullarni shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuboradi. Buyog‘ini so‘rasangiz, Shokir Gaipov Nukusda Abrorning firib to‘riga ilingan yagona shaxs emasdi. Negaki, «qahramon»imiz Adilbek Kalbayevni sal boshqacharoq tarzda chuv tushiradi. Aniqrog‘i, u 2015-yil 22-oktyabrda Adilbekka 2 yil muddatda 12 foizdan ustama to‘lash sharti bilan «Lasetti» rusumli avtomashinani olib berishga va’da beradi. Uning quyuq va’dasiga ishongan Adilbek esa, tezda 20.702.000 so‘m miqdoridagi dastlabki to‘lovni amalga oshiradi. 2016-yil 22-fevraldan 2016-yil 7-dekabrga qadar jamiyat hisob raqamiga yana 24.284.500 so‘m o‘tkazadi. Biroq hadeganda avtomashinadan darak bo‘lavermagach, Adilbek Toshkentga — Abror Mansurovning ish joyiga boradi. Bu orada, 2016-yil 18-noyabrda A.Mansurov o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash uchun «TOSHKENT AVTO AGENT» mas’uliyati cheklangan jamiyatini qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ham ulguradi.
— Anchadan buyon bizga «Lasetti» mashinasiga limit berishmayapti. Shu bois sizning ishingiz muammo bo‘layapti. Xohlasangiz, o‘rniga bozordan yangi «Kobalt» olib beraman. Yana o‘zingiz bilasiz, — deya Abror uni yana alday boshlaydi.
Adilbek ishonuvchan va sodda yigit, shu bois u yana firibgarning aldoviga laqqa tushadi. Bundan foydalangan firibgar Adilbekdan «Kobalt» rusumli avtomashinaga metan gaz baloni, o‘rindiqlariga qoplama va oyoq osti moslamalarini o‘rnatish uchun yana 3.830.000 so‘m oladi. Ammo bu pullarni ham u o‘zining ehtiyojiga sarflab yuboradi.
Namanganlik Mirzohid Habibullayev ham avtomashina olaman, deya yaxshi niyatda yurgandi. Lekin Mirzohid mas’uliyati cheklangan jamiyatning Namangan shahridagi filialiga murojaat qilayotganida ustasi farang firibgarga ro‘baro‘ kelishini xayoliga ham keltirmagandi. Pirovardida A.Mansurov 2016-yil 7-yanvar kuni unga 3 yil muddatda lizing shartnomasi asosida «Malibu» rusumli avtomashina olib berishga va’da qiladi va mas’uliyati cheklangan jamiyat hisob raqamiga boshlang‘ich badal sifatida 36.500.000 so‘m to‘latishga erishadi. Biroq bu ham avvalgilari singari quruq va’daligicha qolib ketaverdi.
Shu tariqa Abror Mansurov 2015-yil fevral oyidan 2018-yilning avgustiga qadar 112 nafar fuqaroni salkam 3,1 milliard so‘mga chuv tushirdi. Ular orasida eng katta jabr ko‘rgan bu — Surxondaryo viloyatidagi «Jarqo‘rg‘on sifat ta’mir qurilish» xususiy korxonasi rahbari Z.Normuratov bo‘lib chiqdi. Unga 2017-yil 27-noyabr kuni imzolangan №AV-1-2017-0045-sonli lizing shartnomasiga asosan Abror bir yil muddatda «Asfaltoukladchik WM-6 HES» rusumli texnika vositasini olib berishini aytadi.
Shunga muvofiq, Z.Normuratov 30 foizlik boshlang‘ich badal sifatida «TOSHKENT AVTO AGENT» mas’uliyati cheklangan jamiyat hisob raqamiga 245.000.000 so‘m o‘tkazadi. Oxir-oqibat esa, u shuncha pulga kuyib qolaverdi.
Bundan tashqari A.Mansurov bank krediti evaziga sotib olingan 357.000.000 so‘mlik ichimlik suvini quyish texnologiyasi va Namangan shahrida joylashgan, mas’uliyati cheklangan jamiyati balansida bo‘lgan ma’muriy binoni sotishdan tushgan 200.000.000 so‘m hamda fuqarolardan qabul qilingan 18.600.000 so‘m naqd pulni bankka topshirmagan, jamiyat xodimlariga korporativ kartalardan sotib olingan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha hisoblangan 94.168.200 so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Qolaversa, ana shu harakatlari bilan savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzgan. Bundan tashqari bu firibgar kimsa o‘z aybini xaspo‘shlash maqsadida «TOSHKENT AVTO AGENT» mas’uliyati cheklangan jamiyati balansida bo‘lgan bir necha turdagi kompyuter texnikalari, mebel va jihozlarni jamiyatning viloyatlardagi filiallariga berilganligi haqidagi soxta ma’lumotnomalarni taftishchilarga taqdim qilgan. Qisqasi, qonun himoyachilari A.Mansurovning barcha kirdikorlarini fosh etishdi. Oqibatda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b», «v»-bandlari (eski tahrirdagi), 168-moddasi 3-qismi «b»-bandi (eski tahrirdagi), 168-moddasi 3-qismi «a», «b»-bandlari, 168-moddasi 4-qismi «a»-bandi, 179-moddasi, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 19211-moddasi 2-qismi «a»-bandi, 228-moddasi 2-qismi «a», «b»-bandlari, 228-moddasi 3-qismi va 243-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi materiallaridan yana shu narsa ayon bo‘ldiki, firibgar aksariyat jabrlanuvchilarni «Bizga «GM Uzbekistan» avtomashina ajratmayapti», ba’zan esa, «Bank kredit bermayapti», degan yolg‘on vaj bilan aldab kelgan. O‘z haqini talab qilib kelgan ayrim fuqarolarga olgan pulini tez orada qaytarib berish haqida kafolat xati yozib bergan. Biroq hammasi quruq va’daligicha qolib ketgan. Binobarin, ushbu ishni ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi Abror Mansurovni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddalari bilan aybdor deb topib, uzil-kesil 8 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 (to‘rt yuz) baravari — 73.720.000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi. Eng muhimi, sud hukmida Fuqarolik kodeksining 587-599-moddalari talabidan kelib chiqib, A.Mansurovdan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 1,9 milliard so‘m va 1100 AQSh dollari miqdoridagi zararni undirish, jamiyat balansidagi bahosi 678,7 million so‘mlik 10 ta avtomashinani keltirilgan zararlarni qoplashga qaratish, jinoyat predmeti sanalgan 4 ta avtomashinani qonuniy egalariga qaytarish, yana jinoyat predmeti deb topilgan 17 ta avtomashinani jabrlanuvchilarning nomiga rasmiylashtirish ham o‘z ifodasini topdi.
Endi haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, Abror Mansurov shuncha kishini aldash evaziga milliardlab pul topib nimaga erishdi? Axir, «Suvniki — suvga, o‘tniki — o‘tga, faqat qatiqning puli yonga qoldi», deganlaridek, firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan pullar sud hukmiga ko‘ra, o‘z egalariga qaytarildi-ku?! Aybdorning oxir-oqibat topgani esa, sakkiz yarim yillik ozodlikdan mahrum qilish va millionlab jarima jazosi bo‘ldi, xolos. Umid qilamizki, ana shu jazolar u singari to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarga tegishli xulosa chiqarib olishlari uchun yetarli bo‘lsa kerak.
Shuhrat Bakayev,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Sirg‘ali tumani sudining raisi.
Xurshid Sultonov,
«Kuch — adolatda» muxbiri
«Kuch — adolatda» gazetasi (2019-yil 3-may, 17-soni)dan olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter