Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon tumanlararo sudi sudyasi Oliy sud raisi bayonotini shubha ostiga qo‘ydi

Andijon tumanlararo sudi sudyasi Oliy sud raisi bayonotini shubha ostiga qo‘ydi

Foto: «AVESTA News»

«Andijanskaya pravda» gazetasi muxbiri Shefiye Imanqulova ochiq sud majlisiga qo‘yilmadi. Yo‘q, sud yopiq tarzda o‘tmayotgandi. Oddiy fuqarolik ishi: er-xotin o‘rtasidagi mulkiy nizoga oid. Shunga qaramay fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi sudyasi Nasibullo Qambarov «muxbirni sudga chaqirmaganman!» (?) degan vaj bilan jurnalistni ochiq sud majlisiga qo‘ymagan, vassalom.

Qonunda «Jurnalist sudya chaqirsagina ochiq sud majlislarida ishtirok etadi» degan modda yo‘q. Yopiq sud majlisi bo‘lsa —boshqa gap, unga hatto Oliy sud raisi kiritilmaydi (buni oliy mahkama rahbarining o‘zi ta’kidlagandi). Boshqa holatlarda monelik deyarli yo‘q. Chunki, ommaviy axborot vositalari xodimlarining ochiq sud majlislarida hozir bo‘lishi ularning xos huquqi hisoblanadi. Mana, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun, uning 5-moddasida jurnalist nainki sudlarning ochiq majlislarida, hatto harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda ham hozir bo‘lishi kafolatlab qo‘yilibdi. Mazkur qonunning 8-moddasida ko‘ra, jurnalist o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.

Yana nima kerak?

Shundog‘am ko‘pdan beri jurnalistlarning ochiq sud majlislarida ishtiroki, unda ish qurollaridan (foto, kamera) foydalanishi kabi masalalar bahs-munozara bo‘lib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarning birida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi shaxsan aytgandiki, sud jarayonida jurnalistlarning ish qurollaridan foydalanishini (sud majlisiga) raislik etuvchi hal etadi, bunga uning vakolati bor, qonun izn beradi, biroq  ochiq sud majlisida OAV vakillarining hozir bo‘lishida hech qanday muammo yo‘q, deb.

Mana, muammo yo‘q emas, bor ekan. Bunga FIB Andijon tumanlararo sudi sudyasi N.Qambarovning xatti-harakati isbot. Bu bilan sudya jurnalist huquqini qo‘pol ravishda buzgani barobarida Oliy sud rahbarining yuqoridagi bayonotini shubha ostiga qo‘ymayaptimi?

Sudyaning sud jarayonidagi boshqa xatti-harakatlari, nizo yuzasidan qabul qilgan hal qiluv qarori xususida hozircha to‘xtalmadik. Bu endi alohida mavzu.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring