Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda yangilangan brend — «Usmon Brothers»

Namanganda yangilangan brend — «Usmon Brothers»

Foto: Xabar.uz

«Usmon Brothers» korxonasi joylashgan yerlar ikki yil oldin ham dala-dasht edi. 2017 yili bu yerda «Yuksalish» kichik sanoat zonasi qurilishi qarori qabul qilindi.

Bu yerlarda sanoat hududi ochib, Namangan ahlini ish bilan ta’minlash qarori chiqarilgandan so‘ng hudud ko‘rinishi ham keskin o‘zgarib ketdi.

— Sanoat zonasida ish boshlagunga qadar «Usmon Brothers» korxonasi ancha kichik edi, ichki bozor uchun mahsulot ishlab chiqarilardi. Ikki yil oldin korxonamiz uchun hammasi o‘zgarib ketdi. Bizga katta kredit ajratildi va qator imtiyozlar berildi. Shundan so‘ng mana shu korxonani qurdik, — deydi ish boshqaruvchi Temur Hoshimov.

Tadbirkorning aytishicha, hozirda Italiya va Yaponiyadan qimmatbaho uskunalar keltirilgan va «Usmon Brothers»ning nigohi Yevropa bozoriga qaratilgan. Ammo bu ish oson kecharmikan? Har holda Yevropa bozoriga kirishni istagan korxona eng avvalo tegishli sifat sertifikatlariga ega bo‘lishi lozim.



—Bu masalada ish olib borilmoqda. Biz ishlab chiqaradigan mahsulot yetarlicha sifatli va raqobatbardosh bo‘ladi. Shu bois Yevropaga chiqishimizga ishonchimiz komil.

Bizning asosiy kuchimiz — korxonamiz mutaxassislaridir. Bizda yaxshi modelerlar, dizaynerlar, tikuvchilar va boshqa mutaxassislar bor. Har holda ushbu biznesda o‘n yillik tajribaga egamiz. Ancha-muncha xorijiy hamkorlarga egamiz. Shunday ekan, Yevropa bozoriga chiqa olishimizga ishonchimiz komil.

Avval o‘zimiz chiqamiz, so‘ngra O‘zbekistondagi boshqa kichik korxonalarni ishlab chiqarishga jalb qilamiz, — deydi Temur Hoshimov.

Shu bilan birga «Usmon Brothers»ga tegishli «butik»lar Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namanganda ochilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring